Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Qirg‘iziston: "Xitoy mavzusi" va rasmiyning ogohlantirishi bahslarga sabab bo‘lmoqda
Qirg‘izistonda yer masalasi, xorijiy investitsiyalar va xitoylik ishchilar mavzusi atrofida turli bahslar bo‘lmoqda. Prezident administratsiyasi vakili Dayirbek Orunbekov ijtimoiy tarmoqlarda "Xitoy bosib ketdi", "erlar sotilyapti", "tashqi qarz nazoratdan chiqdi" kabi da’volarni tarqatayotganlar qonun oldida javob berishi mumkinligini bildirdi.
Uning Facebook sahifasida tarqatilgan bayonoti nafaqat siyosiy muhokamalarni kuchaytirdi, balki so‘z erkinligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va davlatning axborot sohasidagi roli haqidagi bahslarni ham kun tartibiga olib chiqdi.
"Yolg‘on ma’lumot tarqatuvchilar javobgarlikka tortilishi mumkin"
Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasining axborot siyosati bo‘limi rahbari Dayirbek Orunbekovning yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi vaziyatni ataylab buzib ko‘rsatishga qaratilgan xabarlar tarqatilmoqda.
U xususan "Xitoy bosib ketdi", "erlar xorijliklarga berib yuborilmoqda", "tashqi qarz xavfli darajaga yetdi" kabi da’volarni tilga oldi.
Orunbekov bunday xabarlarni tarqatuvchilar millatlararo adovat qo‘zg‘atish va jamoatchilikni chalg‘itish aybi bilan javobgarlikka tortilishi mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, u siyosatchilar, huquq himoyachilari, faollar, jurnalistlar va o‘zi "feyk akkauntlar" deb atagan o‘nlab foydalanuvchilarning suratlari joylangan kollajni ham e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident administratsiyasining monitoring xizmati mazkur akkauntlarning o‘zaro aloqalari va faoliyatini o‘rganmoqda.
Ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, Orunbekov e’lon qilgan dastlabki postda bir qator siyosatchilar bilan birga Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Qamchibek Tashiev haqida ham yozilgan, keyinchalik post tahrir qilinib, Qamchibek Tashievning nomi va u haqdagi surat olib tashlangan.
Ro‘yxat va shaxsiy ma’lumotlar bo‘yicha savollar
Orunbekovning bayonoti yana bir bahsni keltirib chiqardi. Ro‘yxatga kiritilgan ayrim shaxslar o‘z suratlari va ma’lumotlari qanday olingani haqida savol qo‘ymoqda.
Advokat Asel Argimbaevaning aytishicha, u bahs qilinayotgan mavzu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday fikr bildirmagan.
"Mening shaxsiy ma’lumotlarim Orunbekov qo‘liga qanday tushib qoldi?", dedi u va bu masala bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilishini ma’lum qildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Yana bir advokat Nurbek Toktakunov esa rasmiy bayonotlarga huquqiy baho berilishi kerakligini aytdi.
Uning fikricha, bunday chiqishlar fuqarolar tomonidan tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin va vaziyatga prezident yoki boshqa mas’ul shaxslar izoh berishi lozim.
Qirg‘izistondagi qator huquqshunoslar ham shaxsiy ma’lumotlarning oshkor qilinishi yuzasidan savollar ko‘tardi.
Huquqshunos Gulshayir Abdirasulova Konstitutsiya shaxsiy hayot daxlsizligini kafolatlashini eslatib, o‘z surati va ma’lumotlari jamoatchilikka e’lon qilinishiga rozilik bermaganini bildirdi.
"Tunduk" tizimi atrofidagi bahslar
Tanqidchilarning bir qismi e’lon qilingan suratlar davlatning raqamli ma’lumotlar bazalarida saqlanadigan suratlarga o‘xshashini ta’kidlamoqda.
Shu bois ba’zi faollar va huquqshunoslar ma’lumotlar davlatning "Tunduk" raqamli platformasidan olinganmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.
"Tunduk" Qirg‘iziston davlat organlarining elektron ma’lumot bazalarini birlashtiruvchi tizim hisoblanadi.
Orunbekov va Prezident administratsiyasi mazkur iddaolarga hozircha ochiq javob bermagan.
Qirg‘izistonning Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish agentligi esa mahalliy OAVlarga mazkur holatdan xabardor ekanini va rasmiy munosabat tayyorlanayotganini bildirgan.
Idora vakillari ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarning tarqatilishi maqbul holat emasligini qayd etgan.
Tanqidchilar: "Bu so‘z erkinligiga bosim bo‘lishi mumkin"
Orunbekovning chiqishi qator tanqidiy munosabatlarga ham sabab bo‘ldi.
Jamoat arbobi va yozuvchi Oljoboy Shakir o‘zining nomi ham ro‘yxatga kiritilganiga e’tiroz bildirib, so‘nggi yillarda asosan adabiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganini aytdi.
Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudьyasi Klara Sooronqulova esa masalaga so‘z erkinligi nuqtai nazaridan yondashdi.
Uning fikricha, agar kimningdir sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu fuqarolik-huquqiy tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.
Sooronqulova har qanday tanqid yoki bahsli fikr uchun odamlarni qamoq bilan tahdid qilish demokratik tamoyillarga mos kelmasligini ta’kidladi.
Advokat Ikromiddin Aytqulov ham ayrim shaxslarni sud qarorisiz ehtimoliy qonunbuzar sifatida ko‘rsatish aybsizlik prezumptsiyasi tamoyiliga zid bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Bahs markazida yer masalasi
Orunbekovning bayonoti mamlakatda Yer kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan muhokamalar kuchaygan paytda yangradi.
Jamoatchilikning bir qismi yangi tartiblar xorijiy investorlarga kengroq imkoniyatlar yaratishi mumkinligini aytmoqda.
Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa buni "erlarni chet elliklarga berish siyosati" sifatida talqin qilmoqda.
Biroq prezident Sadir Japarov bu iddaolarni rad etdi.
17 iyulda davlatning "Kabar" agentligiga bergan intervyusida u Qirg‘iziston yerlari xorijliklarga xususiy mulk sifatida berilmasligini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy investorlarga faqat muayyan muddatga ijara huquqi berilishi mumkin.
Agar investitsiya shartnomalaridagi majburiyatlar bajarilmasa, yer uchastkalari davlatga qaytariladi.
Japarovning aytishicha, bunday amaliyot mamlakatda avvaldan qo‘llanib keladi.
U misol sifatida Bishkekdagi "Vefa Center" va "Beta Stores" kabi ob’ektlarni keltirdi.
Japarov: "Qirg‘izistonning bir qarich yeri ham boshqa davlatga o‘tmaydi"
21 iyul kuni e’lon qilingan yana bir bayonotida Sadir Japarov yerlarni investorlarga vaqtincha foydalanish uchun berish amaliyotini himoya qildi.
Uning ta’kidlashicha, investitsiya loyihalari uchun ajratilayotgan yerlar mamlakat hududining juda kichik qismini tashkil etadi.
"Mamlakatimizda jami 6 million 732 ming gektar qishloq xo‘jaligi yeri mavjud. Uning 1 million 82 ming gektaridan fuqarolarimiz xususiy mulk sifatida qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanmoqda.
Butun respublika bo‘yicha turli toifadagi 18 million 698 ming gektar yer davlat va munitsipal mulk hisoblanadi. Uning 18 million 639 ming gektari davlat, 59 ming gektari esa munitsipal mulkdagi yerlardir.
Investitsiya loyihalari uchun 1992 yildan buyon amal qilib kelayotgan qonunchilik doirasida foydalanishga berilgan yerlarning umumiy maydoni mamlakatimiz hududining 0,1 foizidan ham oshmaydi. Nainki 1 foiz, hatto 0,1 foizdan ham oshmaydi!", -dedi prezident.
Nega aynan Xitoy mavzusi muhokamalar markazida?
So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda xitoylik ishchilar va investorlar soni haqida muntazam bahslar kuzatilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda mamlakat 61 mingta mehnat vizasi bergan. Ularning qariyb 60 foizi Xitoy fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti rahbari Seytek Jumaqadir uuluning aytishicha, bu ishchilar asosan infratuzilma va yirik davlat loyihalarida mehnat qilish uchun jalb etilgan.
Prezident Japarov ham xorijlik ishchilar mamlakatga doimiy yashash uchun emas, muayyan loyihalarni amalga oshirish uchun kelayotganini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda qariyb uch ming xorijiy fuqaro mamlakatdan chiqarilgan va yana yuzga yaqin kishini deportatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiy ehtiyojmi yoki xavotir manbaimi?
Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yil sayin kengayib bormoqda. Xitoy mamlakatning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Temir yo‘l, energetika va infratuzilma sohasidagi bir qator loyihalar xitoy sarmoyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Biroq bu jarayon jamiyatda turlicha baholanmoqda.
Ayrimlar xorijiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun zarur deb hisoblasa, boshqalar tashqi iqtisodiy qaramlik kuchayishidan xavotir bildirmoqda.
Shu tariqa, muhokama faqat yerlarni ijaraga berish masalasi bilan cheklanmayapti. U Qirg‘iziston qanday iqtisodiy rivojlanish yo‘lini tanlashi, xorijiy sarmoyalar bilan milliy manfaatlar o‘rtasida qanday muvozanat o‘rnatishi va hukumat tanqidiy fikrlarga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqidagi kengroq bahsning bir qismiga aylangan.