Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
"Ularning gunohi nima edi?": BBC Minobdagi maktabga bordi
- Author, Navol al-Mag‘afiy
- Role, BBCning xalqaro surishtiruvlar bo‘yicha katta muxbiri
- Reporting from, Minab, southern Iran
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
Maqolada bolalar o‘limiga oid og‘ir tafsilotlar keltirilgan.
Amayneh Nademi bir vaqtlar o‘zi dars bergan maktab vayronalari oralab ehtiyotkor qadam tashlaydi.
Shikastlangan yuqori qavatdagi singan beton bo‘laklari har lahza qulab tushadigandek osilib qolgan. Bir nechta sinfxona hali ham saqlangan, ularning yorqin rangli devorlarini sharlar va gullar tasviri bezab turadi.
33 yoshli o‘qituvchi qaerda nima joylashganini aniq eslaydi: yuqori qavatda qizlar, pastki qavatda o‘g‘il bolalar sinfxonalari, shuningdek, direktor xonasi va namozxona joylashgan edi.
Eron janubidagi kichik Minab shahrida joylashgan "Shajarai Tayyiba" boshlang‘ich maktabida Amayneh birinchi sinf qizlariga dars bergan sinfxonadan esa faqat vayronalar qolgan.
28 fevral kuni, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlangan dastlabki soatlarda maktabga berilgan zarba oddiy shanba tongini bu mojaroning eng ayanchli timsollaridan biriga aylantirdi. Bu urush davomida tinch aholi eng ko‘p halok bo‘lgan alohida hodisa bo‘ldi.
Minab prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 156 kishi, jumladan, 120 nafar bola, homilador ayol va uning tug‘ilmagan farzandi halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Mutaxassislarning aytishicha, dalillar maktabga AQSh kuchlari zarba berganini ko‘rsatadi. Maktab Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi majmuasi yonida joylashgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan bu majmuaga bir necha marta zarba berilganini ko‘rish mumkin.
AQSh hujum uchun mas’uliyatni tan olmagan. Biroq AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy tergovchilar zarba AQSh kuchlari tomonidan bexosdan berilgan bo‘lishi ehtimol, deb hisoblamoqda.
Bu yerda sodir bo‘lgan voqea og‘rig‘i hali ham bosilmagan. O‘qituvchilarning aytishicha, ular har kuni shu joyda duo qilishadi. Qutqaruvchilar esa halok bo‘lganlarning jasadlari qoldiqlarini hamon qidirishmoqda.
Yuqori qavatning katta qismi pastki qavat ustiga qulab tushgan. "Bu yerni endi maktab deb bo‘lmaydi, deydi Amayneh. Faqat o‘lim, qayg‘u va to‘kilgan qon hidi kelib turgan devorlar qolgan".
Eron rasmiylari bizning bu maktabga borib, uni ko‘rishimizni juda istashdi. Ularning aytishicha, maktabdagi vayronagarchilik Vashington Eronning harbiy va xavfsizlik tuzilmalariga qaratilgan hujum sifatida taqdim etayotgan kampaniya aslida tinch aholiga naqadar og‘ir talafot yetkazganining dalilidir.
"Hammamiz har tomonga uchib ketdik"
Amaynehning aytishicha, maktabdagi kun odatdagidek boshlangan.
Muqaddas Ramazon oyi bo‘lgani uchun bolalar Qur’on tilovat qilish uchun namozxonaga yig‘ilishgan edi, deb eslaydi u. Shundan so‘ng Amayneh o‘quvchilariga fors alifbosidagi yangi bir harfni o‘rgata boshlagan.
Ammo Eron bo‘ylab urushning dastlabki hujumlari boshlanar ekan, direktor maktab yopilishini e’lon qilgan. Shundan so‘ng o‘qituvchilar ota-onalar bilan bog‘lanib, ulardan farzandlarini olib ketishni so‘rashgan.
Amaynehning 15 nafar birinchi sinf o‘quvchisidan atigi besh nafari yuqori qavatdagi sinfxonada qolgandi. O‘sha paytda u maktab yaqinida portlash ovozini ilk bor eshitdi. Amayneh yo‘lakda edi. Ovozni eshitishi bilan bolalarni olish uchun shoshilib sinfxonaga qaytdi.
"Chiqishga otlanganimda, maktabga raketa kelib urildi, - deydi Amayneh. - Nimadir mening ham, o‘quvchilarimning ham boshimizga kelib tegdi. Hammamiz har tomonga uchib ketdik".
Uning aytishicha, keyin sinfxonani quyuq qora tutun qoplagan: "Quchog‘imdagi o‘quvchilarimni hatto ko‘ra olmasdim. Nafas ololmasdik".
Amayneh yana bir portlash ovozini, faryodlar va bolalar yig‘isini, so‘ng maktabning qulab tushganini eshitganini eslaydi. "Hammasi bir zumda vayron bo‘ldi", - deydi u.
"Mendan ham, o‘quvchilarimdan ham qon oqardi", deya qo‘shimcha qiladi Amayneh
Amaynehning aytishicha, tutun biroz tarqalgach, jarohatlangan bolalarni pastdagi odamlarga birma-bir uzatgan. So‘ng olov va vayronalar orasidan zo‘rg‘a o‘tib, maktab darvozasi tomon yo‘l olgan. U yerda to‘plangan ota-onalarni ko‘rgan. Uning eslashicha, ularning ko‘pi oyoq kiyimini kiyishga ham ulgurmay, maktabga shoshib kelgandi.
Sarosimaga tushgan Amayneh qolganlar barchasi binodan chiqib ulgurgan, deb o‘ylagan. Shu bois ota-onalar nega maktab tomon yugurayotganini tushunmagan: "Ularning hammasi vayronalar ostida qolganini bilmasdim".
Amayneh bu maktabda olti yil davomida birinchi sinfga dars bergan. U o‘sha kungi qurbonlarni nomma-nom tilga oladi: zinapoyada onasi bilan birga halok bo‘lgan birinchi sinf o‘quvchisi Adrina, ikkinchi sinf o‘quvchisi Fotima va yana ko‘plab bolalar. Ular orasida Amayneh birinchi sinfda o‘qigan kezlarida alifbo o‘rgatgan, o‘sha paytda esa oltinchi sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilar ham bor edi. Qurbonlar orasida maktab direktori va uning o‘rinbosari, jismoniy tarbiya hamda Qur’on o‘qituvchilari ham bo‘lgan.
"O‘g‘limni topinglar"
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, favqulodda xizmat xodimlari kela boshlagan.
Eron Qizil Yarim Oy jamiyati xodimi Rizo Besharati voqea joyiga birinchilardan bo‘lib borgan qutqaruvchilardan edi. Uning aytishicha, farzandlarini qidirishga shoshilgan oilalar tufayli maktab atrofidagi yo‘llarda mashinalar tiqilib qolgandi.
Minab kichik shahar. Rizo olomon orasidan o‘tib, vayronalar ichiga kirganida, tanishlarini, jumladan, ba’zi qarindoshlarini ham ko‘rgan.
"Odamlarni qidira boshladik. Balki kimdir tirik qolgandir, deb o‘yladik, - deydi u. - Ammo, afsuski, hech kim tirik emasdi".
Uning aytishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari ayanchli ahvolda topilgan: "Goh faqat qo‘l, goh faqat oyoq topilardi... Hech bir jasad butun emasdi".
Ko‘p oilalar farzandlarini oyoq kiyimi yoki ust-boshidan tanib olishdi, deya qo‘shimcha qiladi u.
Rizoning qarindoshlaridan biri ham bolasini izlar, "Faqat bolamni topib beringlar, o‘g‘limni topinglar", deb yolvorardi. "Unga o‘g‘li tirik emasligini ayta olmadim. Hammamiz yig‘lardik", deydi Rizo.
Uning aytishicha, qulab tushgan bino xarobalari orasida qidiruv olib borgan paytida ko‘rganlari hanuz ko‘z o‘ngidan ketmaydi: "Bir necha kun uxlay olmadim. Ko‘zimni yumsam... shu yerda ko‘rganlarim yodimga tushaverdi".
Hujum yuzasidan surishtiruv boshlangan
Hujum tafsilotlari ma’lum bo‘la boshlagach, prezident Donald Tramp eng avvalo hech qanday dalil keltirmasdan Eronni aybladi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset harbiylar voqeani tekshirayotganini va Amerika kuchlari "tinch aholi ob’ektlarini hech qachon nishonga olmasligini" aytdi. Keyinroq u AQSh Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) tarkibiga kirmaydigan harbiy rahbar boshchiligida yanada yuqori darajadagi tergov o‘tkazilishini e’lon qildi. Tramp ma’muriyati tergov natijalarini hanuz jamoatchilikka oshkor qilgani yo‘q.
AQShning bir nechta ommaviy axborot vositasi harbiy tergovdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, dastlabki xulosalarga ko‘ra, AQSh Mudofaa razvedka boshqarmasi taqdim etgan eski ma’lumotlar maktabning harbiy hudud bir qismi sifatida baholanishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar videolarni tahlil qilib, maktab yonidagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi majmuasiga raketa kelib tushganini aniqlagan. Bu yuqori aniqlikda boshqariladigan "Tomahok" qanotli raketasi bo‘lgan. Isroil yoki Eronda bunday raketa borligi haqida ma’lumot yo‘q.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari maktab va majmuadagi yana bir nechta bino ham hujumga uchraganini ko‘rsatgan. Haqiqiyligi tekshirilgan videolarda esa bu hududga birin-ketin bir necha marta hujum qilingani ko‘rinadi. AQSh harbiy xaritalari o‘sha paytda Amerika Eron janubida, jumladan, Minab hududida harbiy amaliyotlar olib borganini ham tasdiqlaydi.
Avvalgi yillarga oid sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan maktab hududi ilgari Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi majmuasi tarkibida bo‘lganini ko‘rish mumkin. Biroq 2016 yildan buyon maktab majmuadan devor bilan ajratib qo‘yilgan. Uning o‘z kirish yo‘llari va hovlilari bor.
Bundan tashqari, bu yerda maktab joylashganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar internetda ochiq bo‘lgan. Hujumdan bir necha oy oldin arxivga olingan maktabning qizlar va o‘g‘il bolalar bo‘limlariga tegishli veb-saytlarda uning manzili ham ko‘rsatilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari may oyida AQSh Kongressi qo‘mitasiga tergov "murakkab" ekanini aytdi, ammo qo‘shimcha tafsilot bermadi. Uning aytishicha, maktab "Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining faol qanotli raketalar bazasi hududida" joylashgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi esa bu da’voni "asossiz uydirma" deb rad etdi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi keng ko‘lamli harbiy, xavfsizlik va iqtisodiy faoliyatdan tashqari, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ayrim jamoat va tibbiyot muassasalarini ham boshqaradi
Mahalliy aholining BBC Fors xizmatiga aytishicha, bu hudud ilgari Korpus harbiy-dengiz brigadasining bazasi bo‘lgan. Ammo ularning fikricha, hududdan harbiy maqsadlarda foydalanish bir necha yil oldin to‘xtatilgan. Suratlarda majmuada klinika va avtomobil yuvish shoxobchasi ham bo‘lgani ko‘rinadi.
BBC izoh olish uchun AQSh Mudofaa vazirligi va harbiylariga murojaat qildi. Rasmiylarga ko‘ra, tergov hali davom etmoqda va hozircha qo‘shimcha ma’lumot yo‘q.
"Uni paypog‘idan tanishdi"
Vayron bo‘lgan maktabdan uzoq bo‘lmagan masofada ko‘plab o‘quvchilar va o‘qituvchilar dafn etilgan qabriston bor.
Har oqshom oilalar qabrlar yoniga yig‘iladi. Onalar farzandlarining suratlariga qo‘ngan changni artadi. Ota-onalar qorong‘i tushganidan keyin ham uzoq o‘tirib, duo qilishadi.
Ularning atrofida esa bolalar umri bevaqt xazon bo‘lgan aka-ukalari va opa-singillarining qabrtoshlari orasida o‘ynashadi.
Ma’suma Mehron Shayxobodiy har kuni to‘qqiz yoshli qizi Setayeshning qabrini ziyorat qiladi. Ko‘pincha tunga qadar shu yerda qoladi.
U hujumdan keyin maktab tomon yugurgan ota-onalar orasida edi. "Maktabning o‘zi yo‘q edi, - deydi u ovozi bo‘g‘ilib. Faqat tutun, bolalarning sochlari, bir tomonda qo‘l, boshqa tomonda oyoq... Ular parcha-parcha bo‘lib ketgandi".
Ma’suma yana shunday deydi: "Men faqat Setayeshni emas, barcha bolalarni tinmay chaqirardim: Bolalar, qaerdasizlar?"
Ma’sumaning aytishicha, Setayeshning nobud bo‘lgani oilasiga faqat ertasi kuni tongga yaqin tasdiqlangan. U qizining paypog‘i qanday rangda bo‘lganini qayta-qayta so‘rashganini eslaydi. Ma’suma paypoq qaymoq tusida bo‘lganini aytgan. Shundan so‘ng Setayeshni paypog‘idan tanishgan.
Onasiga ko‘ra, to‘qqiz yoshli qiz o‘qituvchi bo‘lishni istagan. "U qo‘g‘irchoqlarini divanga qator qilib qo‘yardi va: 'Men sizlarning o‘qituvchingizman. Hozir boshlang‘ich maktabda o‘qiyman, demak, men o‘qituvchiman', derdi".
Bu yerdagi ko‘plab ota-onalar kabi, Ma’sumaning qayg‘usi ham g‘azab bilan qorishib ketgan. "Tramp yo‘q bo‘lsin, bu bolalarning qoni zoe ketmasin", deydi u.
"Ular o‘qishga ketishgandi"
Eron hukumati o‘z chiqishlarida, xalqaro minbarlarda va davlat ommaviy axborot vositalarida Minab fojiasini qayta-qayta tilga olgan. Hatto muzokarachilarni olib borgan samolyotga rasmiylar avval e’lon qilgan qurbonlar soniga ishora qilib, "Minab-168" deb nom berilgan.
Bu hujum Islom Respublikasining Vashington talqiniga qarshi qarashlarini yanada kuchaytiradi.
Urush eronliklarni ikkiga bo‘lib qo‘ydi. Hukumat yillar davomida muxolif fikrdagilarni hibsga olgani va takror-takror ko‘tarilgan namoyishlar paytida kuch ishlatib, odamlar o‘limiga sabab bo‘lganidan g‘azablangan ayrim eronliklar havo hujumlari boshlanishini xursandchilik bilan qarshi olishdi. Ular tashqaridan bo‘ladigan harbiy bosim oxir-oqibat tuzumni zaiflashtirishi yoki hatto qulatishi mumkin, deb umid qilishgandi.
Hukumatning ayrim muxoliflari BBCga Minobdagi hujum ular uchun og‘ir zarba bo‘lganini aytgan. Bu voqea tinch aholiga zarar yetkazmaydigan "aniq urush" haqidagi qarashni yo‘qqa chiqardi. Ayni paytda, rasmiylarga o‘zlarini Eron xalqini tashqi hujumdan himoya qiluvchi kuch sifatida ko‘rsatish imkonini berdi.
Minobda Amayneh qabristonga borib, bir vaqtlar o‘zi dars bergan o‘quvchilarining qabrlari orasida yuradi.
Yaqindagi xotira devoriga o‘sha shanba tongi uyidan chiqib, qaytib kelmagan bolalar, maktab xodimlari va ota-onalarning suratlari joylangan.
Setayeshning onasi esa hamon qizchasining qabri yonida o‘tiribdi.
"Bu bolalarning gunohi nima edi? Ularda qurol bormidi? Qalam, kitob, daftar va maktab sumkasi... Ularda qurol yo‘q edi. Ular o‘qishga ketishgan edi", deydi u.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qo‘shimcha ma’lumotlarni Jasmin Dayer taqdim etdi.
Navol al-Mag‘afiy Erondan uning hech bir materiali BBC Fors xizmatida ishlatilmasligi sharti bilan xabar bermoqda. Bu cheklov Eronda faoliyat yuritayotgan barcha xalqaro ommaviy axborot vositalariga taalluqli.