"Masha va Ayiq" Putinning yana bir qurolimi? London xavotirda

Surat manbasi, TWITTER/X
Buyuk Britaniyadagi turli siyosiy partiyalar vakillaridan iborat katta bir guruh mamlakat madaniyat vaziriga murojaat qilib, Rossiyaning "Masha va Ayiq" multseriali namoyishini to‘xtatishga chaqirdi.
Ularning fikricha, ushbu multserial Rossiyaning G‘arb auditoriyasiga ta’sir o‘tkazish uchun qo‘llayotgan "yumshoq kuch" vositalaridan biri hisoblanadi.
Netflix platformasi "Masha va Ayiq" multserialini so‘nggi 11 yildan beri namoyish qilib kelmoqda.
Bu yil kompaniya multserialning sakkizinchi va to‘qqizinchi mavsumlarini ham efirga uzatish huquqini sotib oldi.
Serial voqealari sho‘x va quvnoq qizaloq Masha hamda sirkdan nafaqaga chiqqan Ayiq atrofida kechadi.
Shuningdek, asarda Ayiq oshiq bo‘lgan ayiq ayol, turli o‘rmon hayvonlari, Mashaning Moskvada yashaydigan amakivachchasi va hatto o‘zga sayyoralik mehmonlar ham qatnashadi.
Kulgu yo qurol?

Surat manbasi, John Keeble/Getty Images
Britaniya madaniyat vaziri Liza Nandiga yo‘llangan maktubni olti siyosiy partiyadan bo‘lgan 50 nafar deputat imzolagan.
Ular orasida Leyboristlar partiyasi, Konservatorlar partiyasi, Liberal-demokratlar, Yashillar partiyasi, Shotlandiya milliy partiyasi hamda Uelsning Plaid Cymru partiyasi vakillari bor.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Deputatlar multserialni tashviqot vositasi deb baholab, bu propaganda "unchalik ham beozor emasligini" ta’kidlashgan.
Biroq, avval bu mavzuni tanqid qilganlar kabi, parlament a’zolari ham asosan serialning eng eski qismlaridan biri, "Chegara mustahkam himoyada" nomli epizodga tayanishgan (bu qism Rossiya Ukrainaga bosib kirishidan ancha oldin, 2010 yil kuzida efirga chiqqan, Netflix platformasida esa 2015 yilda paydo bo‘lgan).
Unda Masha Ayiqning tomorqasini qo‘riqlashga harakat qilib, avval ko‘k gardishli va qizil yulduzli furajka kiyib oladi (shunga o‘xshash furajkalarni NKVD xodimlari kiyishgan), so‘ngra esa tankchi shlemini taqadi.
Dastlab multserial tomoshabinlar orasida asosan ijobiy baholangan.
Biroq multfilm syujetlari Rossiya propagandasining bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlar Rossiyaning 2022 yil fevral oyida Ukrainaga bosib kirishidan avval ham bildirilgan edi. Bunday fikrlar Finlyandiya, Estoniya va Litvada aytilgan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanganidan keyin tanqidchilarning ovozi yanada kuchaydi.
Netflix multserialning yangi mavsumlarini namoyish etish huquqini sotib olgani haqidagi xabarga Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxkna ham munosabat bildirdi.
Rossiya faqat raketa bilan emas, balki narrativ va hikoyalar orqali ham urush olib bormoqda. "Masha va Ayiq" Kremlning yumshoq kuch vositalaridan biri.
U ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi:
"Rossiya faqat raketa bilan emas, balki narrativ va hikoyalar orqali ham urush olib bormoqda. "Masha va Ayiq" Kremlning yumshoq kuch vositalaridan biri bo‘lib, bolalarga mo‘ljallangan ko‘ngilochar kontent orqali Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi hamda harbiy ruhni targ‘ib qiluvchi tasvirlarni singdirmoqda, shu orqali Rossiya agressiyasi va imperiyaviy intilishlarini odatiy hol sifatida qabul qildirishga xizmat qilmoqda.
Agar bolalar mahsulotida natsistlar ramzlari ijobiy tarzda ko‘rsatilganida, dunyo bunga toqat qilmagan bo‘lardi. Sovet ramzlari ham xuddi shunday aniq axloqiy bahoga loyiq".
Saxkna, shuningdek, Estoniya xalqi va boshqa ko‘plab millatlar uchun NKVD ramzlari bosib olish, ommaviy qatllar va majburiy ko‘chirishlarni esga solishini ta’kidladi.
Qo‘rqinchli Masha
Multserialning rasmiy Twitter (hozirgi X) sahifasida 2015 yil aprelida furajka tasvirlangan surat joylashtirilgan edi. Surat ostida: "Ey, men endi armiyadaman", degan yozuv bo‘lgan.
Britaniya deputatlari o‘z murojaatida NKVD SSSRda o‘nlab million kishining majburiy ko‘chirilishi, qatl etilishi va ta’qib qilinishiga mas’ul bo‘lganini eslatadi.
Deputatlarning fikricha, bunday reklama sovet harbiy estetikasini global yosh auditoriya uchun faol ravishda odatiy holga aylantirmoqda.
Buyuk Britaniyada multserial Netflix bilan bir qatorda ITV telekorporatsiyasiga tegishli ITVX onlayn video platformasi orqali ham namoyish etiladi. Deputatlar o‘z murojaatida shunday deyishadi:
"Bu multserial Britaniya bolalariga eng yirik global platforma va mashhur britan telekanali orqali yetib bormoqda. Biz buni qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb hisoblaymiz. Britaniyalik ota-onalar bolalariga litsenziyalangan platformalar orqali taqdim etilayotgan kontent sinchiklab tekshirilgan bo‘lishiga ishonishga haqli, ayniqsa ittifoqchilarimiz davlat propagandasi bo‘yicha asosli shubhalar bildirgan hollarda".
Multserialni ishlab chiqaruvchi Animaccord studiyasi propaganda haqidagi ayblovlarni rad etmoqda.
Kompaniya 2025 yilda Rossiyadan butunlay chiqib ketganini ma’lum qilgan va serialni yaratishda Rossiya davlatining hech qanday moliyaviy ishtiroki yo‘qligini ta’kidlagan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Britaniyaning The Guardian nashri Animaccord manfaatlarini himoya qiluvchi mashhur Gollivudning PR bo‘yicha maslahatchisi Melani Bonvichinoning so‘zlarini keltiradi:
"Mijozim "Masha va Ayiq" multseriali qandaydir tarzda propaganda bilan bog‘liq degan yolg‘on va tuhmatli iddaolarni qat’iy rad etadi".
Shunga qaramay, maktubni imzolagan deputatlar studiya Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa ham, hamon Rossiyada soliq to‘layotganini ta’kidlaydi. Madaniyat vaziriga yo‘llangan murojaatda shunday deyiladi:
"Xalqaro striming xizmatlari orqali olingan daromadlardan tushadigan soliqlar, shu jumladan, Rossiya davlatini moliyalashtirishga xizmat qilmoqda. Bu mablag‘lar hajmi katta. Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, faqat Yevropadagi tomoshalardan keladigan reklama daromadining o‘zi yiliga millionlab dollarni tashkil etadi [...] Netflix yoki ITVX orqali ushbu multserialni tomosha qilayotgan Britaniya bolalari ehtimol ana shu daromadni shakllantirayotgan auditoriyaning bir qismidir. Bu esa aslida Rossiyaning harbiy mashinasini moliyalashtirishga hissa qo‘shayotgan studiyaga daromad keltirishi mumkin".






























