Belarus: O‘zbekistonliklar duch kelgan ishda ishlamaydimi? Video
Yangi xabarlar olindi.

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston va tashqi mehnat migratsiyasi

Surat manbasi, Dmitry Beliakov/Bloomberg via Getty Images
O‘zbekistonliklar uchun muqobil tashqi mehnat bozorlarining soni yana bittaga ortdi.
Ularning safiga endi Belarus ham qo‘shildi.
So‘nggi yangilik O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolari uchun tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish harakatida bo‘lgan bir paytda olindi.
Tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekiston hukumati diqqat-e’tiboridagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘ladi.
Bu mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy barqarorligi uchun muhim, deb ko‘riladi.
O‘zbekiston mintaqaning eng katta sondagi fuqarolari chetda mehnat muhojirligida band davlati bo‘ladi.
Jami olganda ularning soni bugun ham bir necha millionlarga nisbat beriladi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Chetda mehnat muhojirligida band fuqarolari har yil ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar Yalpi Ichki Mahsulot hajmining salmoqli qismini tashkil qiladi va yillarki, ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng samarali vositalardan biri sifatida ko‘riladi.
Shu paytgacha Rossiya qolgan aksariyat mintaqa davlatlari misolida bo‘lgani kabi o‘zbekistonliklar uchun ham eng yirik mehnat bozori bo‘lib keladi.
Rossiyadan keyin Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiya katta sondagi O‘zbekiston fuqarolari qonuniy va noqonuniy mehnat muhojirligida band davlatlar sifatida tilga olinadi.
O‘zbekiston hukumatining say’-harakatlari bilan so‘nggi yillarda bu ro‘yxat qator Yevropa, Osiyo va arab davlatlari hisobidan yanada kengaygan.
Shu yil boshida e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarda bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat faoliyatini olib borayotgani aytilgan.
Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan.
Yig‘ilishda tashqi mehnat migratsiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonliklarni xorijda yuqori daromadli va qonuniy ish o‘rinlariga yo‘naltirish bo‘yicha ishlash hudud rahbarlari va O‘zbekistonning chet mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarining asosiy vazifalari etib belgilanganligi rasman xabar berilgan.
Bularning barchasi, boshqa tomondan, Rossiyaning Ukraina bilan urushi va mamlakatda kuchayib borayotgan aksil-migratsion kayfiyatlar o‘zbekistonliklarning ham yoppasiga ortga qaytishiga oid xavotirlarni paydo qilib bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi ishsizlik bo‘ladimi yoki kambag‘allik - ko‘pchilik Markaziy Osiyo davlatlari uchun ular hali-hanuz to‘qnash kelib turgan eng dolzarb ijtimoiy, iqtisodiy muammolarning eng imkonli, eng samarali va eng amaliy yechimi vazifasini bajarib keladi.
Ishlash uchun bugun Rossiya yaxshimi yoki Belarus? Videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Yangi mehnat bozori

Surat manbasi, Giovanni Mereghetti/UCG/Universal Images Group via Getty Images
O‘zbekiston mintaqaning aholisi eng yirik davlati bo‘ladi.
So‘nggi rasmiy raqamlarda aholisi sonining 40 millionga yaqin ekani aytiladi.
Aholisining katta foizini aynan yoshlar tashkil etadi.
O‘zbekistonliklarni ishga shaxsan prezident Aleksandr Lukashenkoning o‘zi chaqirdi.
Avvaliga "O‘zbekistonda suv yetishmasligi"ni tilga oldi, keyin "er ham ko‘proq bo‘lgani ma’qul"ligiga to‘xtaldi, so‘ngra "Belarusda bularning barchasi borligi"ni aytdi.
Lukashenko hatto butunboshlik O‘zbek oilalarini Belarusda ko‘rish istagida ekanini aytdi.
Ularni o‘zlariga ko‘chib kelishga chaqirgani O‘zbekistondagi ayrim nashrlarda sarlavhalarga ham chiqdi.
Belarus rahbari so‘nggi bir necha oyning o‘zida bu masalaga ketma-ket ikki bor qaytdi.
"Aynan o‘zbekistonliklar"ni ishlash uchun qabul qilishdan "doim mamnunmiz", dedi.
Aleksandr Lukashenko "keluvchilar uchun hatto yashash, ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari yaratilishi"ni ham va’da qildi, "rivojlanishlarini istashlari"ni ham qo‘shimcha qildi.
"Keling, birga ishlaymiz. Belaruslar O‘zbeklarga nisbatan juda yaxshi munosabatda, juda yaxshi", dedi.
"Belarus yerlarining bo‘shab qolmasligi uchun" bu o‘zlariga "juda zarur" ekanini aytdi.
Lukashenko, "prezidentlarning irodasi, qo‘llab-quvvatlashi bor"ligi, "harakat qilish kerak"ligini ta’kidladi.
"Tez harakat qilmasak, kech qolsak, boshqasi keladi", deb ham shoshirdi.
Bunaqa oshkora da’vat, boshqa tomondan, o‘zbekistonliklar bugun katta sonda vaqtinchalik tashkiliy mehnat migratsiyasida band dunyoning aksariyat davlatlari misolida ko‘rilmagani ham bor gap.
Mutaxassis bahosi
Misol uchun, mana, Turkiya bilan solishtirsak yoki, deylik, hatto sharqiy Yevropaning ba’zi mamlakatlari bilan qiyoslaganimizda ham, sharoitlar yomon emasligini ko‘rishimiz mumkin.
"Endi, umuman olganda, Belarus bozori biz uchun yangi bozor. Ya’ni, ochiq manbalarda hozirgacha bir qandaydir iqtisodiy tahlillar yo‘q. Belarus hozirgi kunda aniq qancha o‘zbekistonlikni qabul qila oladi, degan savolimizga javob yo‘q. Lekin, bilamizki, o‘sha sobiq SSSR paytidan ham Belarus sanoatlashgan, bundan tashqari agrar sohada ham rivojlangan davlat hisoblangan", - deydi migrant.uz portali asoschisi va rahbari, huquqshunos Botirjon Shermuhammad BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatida.
Uning Belarusda allaqachon ishlayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan suhbatlariga tayanib aytishicha, hozir ko‘proq agrar sohada, chorvachilik, dehqonchilik, qurilish, sanoat va xizmat sohalarida ko‘plab ishchi kuchiga ehtiyoj bor".
"O‘rtacha 1000 AQSh dollari atrofida daromad olish imkoniyati" yo‘q emas.
"Misol uchun, mana, Turkiya bilan solishtirsak yoki, deylik, hatto sharqiy Yevropaning ba’zi mamlakatlari bilan qiyoslaganimizda ham, sharoitlar yomon emasligini ko‘rishimiz mumkin", - deydi u.
"Masalan, Bolgariyaga o‘xshagan davlatlarda ham o‘rtacha 1000 AQSh dollari atrofida daromad olish imkoniyati aytilayapti. Lekin albatta borish qiyin. Yevropa mamlakati. Viza olish kerak va uni olish jarayoni judayam qiyin, murakkab, uzoq vaqt kutish kerak".
Ammo, Belarus hukumati imkoniyat yaratishga tayyorligini aytarkan, suhbatdoshimiz "u yerdagi ba’zi bir, balkim qattiqroq javobgarlik choralarini ham hisobga olish kerak"ligini ta’kidlaydi.
"Albatta, borgandan keyin ularning qonunlarini o‘rganib, shu qonun doirasida ishlashga harakat qilish kerak. Ya’ni, Rossiyaga o‘xshab, katta bir ommaviy ravishda noqonuniy ishlash va yurishga harakat qilmaslik lozim....U yerdagi rejimni, tartibni hisobga olish kerak, albatta".
Yangicha aloqalar

Surat manbasi, rasmiy
O‘zbekiston prezidentining 8-9 iyul kunlari Belarusga qilgan ikki kunlik rasmiy tashrifi chog‘ida har ikki davlat mustaqilligi tarixida ilk bor strategik sheriklik aloqalari o‘rnatildi.
35 yil deganda ikki o‘rtada rasman "Strategik sheriklik to‘g‘risida"gi shartnoma imzolandi.
O‘zbekiston va Belarus munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Ikki davlat o‘rtasida birinchi marta migratsiyaga oid kelishuvning ham almashilgani rasman xabar berildi.
Yangi kelishuv Belarus hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etishni ko‘zda tutishi aytildi.
Bungacha bu ikki davlat o‘rtasida bunaqangi bir bitim amal qilmagan.
Mustaqil O‘zbekistonning hozirda marhum birinchi prezidenti Islom Karimov boshqaruvi davrida mamlakatning Belarus bilan munosabatlari ham yaqin emasligi bilan ajralib turgan.
O‘zbekiston hozir milliy manfaatlarga asoslangan ko‘p qutbli tashqi siyosat olib borish va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan diplomatiya yuritish harakatida.
O‘zining savdo-iqtisodiy hamkorlari, tashqi bozorlarini turfalashtirish ilinjida.
Agar, so‘nggi rasmiy ma’lumotlarga tayanilsa, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi so‘nggi besh yilda qariyb 3 barobar oshgan.
O‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam $1 milliard AQSh dollariga yetgan.
Tomonlar poytaxt Minskda o‘zaro savdo hajmini $2 milliard AQSh dollariga yetkazish niyatini ham izhor etishgan.
Aynan iqtisodiy hamkorlik sohasi esa MDH doirasida Belarus manfaatlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani aytiladi.
Belarus

Surat manbasi, OLESYA KURPYAYEVA/AFP via Getty Images
Agar, 2025 yilgi ma’lumotlarga tayanilsa, Belarus aholisi 10 millionga yaqin.
Belarus ishlab chiqarish sanoati, xizmat ko‘rsatish sohasi va qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan, eksportga yo‘naltirilgan mamlakat.
Iqtisodi asosan davlat nazorati ostida.
Mamlakat iqtisodiyoti asosan Rossiya bilan savdoga tayanadi.
Rossiya moliyaviy yordam va subsidiyalangan energiya ta’minotini ta’minlaydi.
30 yildan oshiqki, mamlakatni yakka Lukashekoning o‘zi boshqarib keladi.
Belarus 2020 yilda yirik siyosiy inqirozni boshidan kechirgan.
Buning ortidan mamlakatni ko‘p odam tark etgan.
Ularning orasida hali mehnatga layoqatli va yuqori malakalilarining ham oz bo‘lmagani aytiladi.
Belarus, boshqa tomondan, Ukrainaga qarshi urushida Rossiyaning yaqin ittifoqchisi sifatida ham ko‘riladi.
Hozir shu bois G‘arbning ko‘plab sanksiyalari ostida. Rossiyani qo‘llayotganlikda ayblanadi.
Belarusda Rossiyaning taktik yadroviy qurollari ham joylashtirilgani aytiladi.
Ammo Ukraina urushiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmagan.
Belarus urush ichidagi Ukrainaga bevosita chegaradosh.
Bu omillar esa, o‘z navbatida, Belarusning tashqi mehnat bozori o‘laroq qanchalik xavfsiz va barqaror ekaniga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
"Albatta xavotirlar bor. Biz ham birinchi bergan savollarimizdan biri mana shu urush bilan bog‘liq bo‘ldi. Hozircha Belarus hukumati har doimgidek ikkala tomonga ham bir urushga bevosita, faol qatnashmasdan turish imkoniyatiga ega bo‘layapti. Umid qilamizki, shunday bo‘lib qoladi. Hozirgacha katta bir xavfni ko‘rganimiz yo‘q. Lekin bu xavf yo‘q emas, albatta", - deydi migrant.uz portali asoschisi va rahbari Botirjon Shermuhammad BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatida.
"Agar, maboda, urush yaqin vaqtda tezroq tugab qolsa, albatta, bu Belarus bozori, Ukraina mehnat bozori ham biznikilar uchun ancha qiziqarli bozorlar bo‘lib qolgan bo‘lar edi".
AQSh o‘tgan yili qator siyosiy mahkumlarni ozod etish evaziga Belarusga qo‘llagan sanksiyalarini yumshatgan.
So‘nggi xalqaro hisobotlarda Belarus iqtisodi jonlana boshlaganiga oid tahlillarni ham o‘qish mumkin bo‘lgan.
Belarus va mehnat bozori

Surat manbasi, Gabriele Fromm/ullstein bild via Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, Belarus hozir jiddiy ishchi kuchi taqchilligiga yuz tutgan.
Belarus mehnat bozorida yuzga kelgan bu kabi vaziyatga ommaviy emigratsiyadan tashqari tug‘ilishning kamayishi ham sabab bo‘lgani aytiladi.
Belarus hukumati so‘nggi yillarda buni faol chetdan qoplash harakatida.
Talab kuchli bo‘lgan sohalarda xorijliklarni hatto soddalashtirilgan tartibda ishga yollamoqchi bo‘layotgani bilan ham e’tiborga tushgan.
Agar, ayrim belarus nashrlaridagi raqamlarga tayanilsa, 2025 yilda Belarusga kelgan migrantlarning soni 48 mingdan ortgan.
Buning 2024 yilgisi bilan solishtirganda, 42 foizga ko‘p ekani ham aytilgan.
Bu kabi nashrlarda kechayotgan yilda ham Belarusga kelayotgan migrantlar soni o‘sishda davom etayotgani ta’kidlangan.
Agar, ushbu nashrlardagi ma’lumotlarga tayanilsa, Turkmaniston Belarusga ishchi kuchining asosiy ta’minotchisi bo‘ladi.
Deylik, 2025 yilda ushbu mamlakat fuqarolari Belarusdagi barcha yangi xorijiy ishchilarning deyarli yarmini yoki 48 foizini tashkil etgan.
Ulardan keyingi o‘rinlarni Rossiya va ukrainaliklar egallagan.
O‘zbekistonliklar esa, 3618 nafar ekanliklari bilan yuqori to‘rtlikni to‘ldirganliklari ko‘rilgan.
Bu to‘rttovlondan keyin esa xitoyliklar kelgan.
Bu haqda belsat.eu nashri xabar bergan.
Xuddi shu nashr Belarus prezidentining Pokistondan "150000" ishchi yollash rejasiga ham alohida e’tibor qaratgan.
Amaldagi raqamlar esa "taqqoslab bo‘lmas darajada" ekani, o‘tgan yili Belarusga bor-yo‘g‘i "561 nafar Pokiston fuqarosi ishlash uchun kelgani"ni tilga olib o‘tgan.
Ammo, mazkur nashrga ko‘ra, mehnat migratsiyasi jo‘g‘rofiyasi kengayib bormoqda, Vetnam bo‘ladimi, Myanma, Kamerun, Kot-d'Ivuar yoki Kongo – o‘nlab davlatlardan odamlar Belarusga ishlash uchun kelmoqda.
Xuddi shu manzarada talab katta bo‘lgan sohalarda Belarusda ish haqlarining G‘arbiy Yevropa davlatlarinikidan ancha orqada ekaniga oid tanqidlar ham bor.
Boshqaruvning "avtoritar" ekani mehnat migrantlari nazarda tutilganida ham nazoratning kuchli ekani talqinida internetda muhokamalarga sabab mavzulardan biri ekani ko‘riladi.
Toshkentda nima gap?

Surat manbasi, social media
Minskka ikki kunlik rasmiy tashrifidan bir hafta o‘tar-o‘tmay, Belarus bilan hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalasiga shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi e’tibor qaratdi.
15 iyul kungi rasmiy xabarlarda Shavkat Mirziyoyev bu xususda erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishgani aytildi.
Poytaxt Toshkentdagi yig‘in Belarusga ishlashga yuborilgan bir guruh o‘zbekistonlikning, ayniqsa, ish haqining kamligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘y ko‘rsatgan noroziligi manzarasida bo‘lib o‘tgani bilan o‘ziga e’tibor tortdi.
13 iyul kuni 200 dan ortiq o‘zbekistonlikning Belarusga Andijon viloyati hokimligining pilot loyihasi doirasida ishga yuborilgan aytilgan.
Oradan ikki kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarida ulardan ayrimlari taklif etilayotgan maoshning bor-yo‘g‘i $500 dollar va barcha sarf-xarajatlarning o‘zlaridan ekanini aytib, murojaat bilan chiqishgan, o‘zlarini O‘zbekistonga qaytarishlarini so‘rashgan.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi muammoning o‘sha kuni kechga qadar hal qilinishini bildirgan, oradan qisqa vaqt o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video mualliflaridan biri o‘zlarining $700 dollarlik boshqa ishga o‘tkazilganliklari, qolgan shart-sharoitlarning ham endi yaxshi ekanini aytib, boshqa videomurojaat bilan chiqqan.
U o‘zining yangi murojaatida boshqalardan dastlabki videosini o‘chirib tashlashlarini ham so‘ragan.
Belarus ichki ishlar vaziri ham 16 iyul kuni o‘zbekistonlik ishchilarning ro‘yxatdan o‘tishi, joylashuvi va mehnat sharoitlari bilan bog‘liq barcha masalalar hal etilganini aytgan.
Ammo bu har ikki videomurojaat ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan, Belarusga tashkiliy asosdagi ilk vaqtinchalik mehnat migratsiyasining qanday tashkillashtirilgani savol ostiga olingan, bu o‘sha kunlari trendga chiqqan mavzulardan biriga ham aylangan.
Bunaqasi o‘zbekistonliklar vaqtinchalik tashkiliy migratsiya asosida ishlashga borayotgan boshqa biror bir davlat misolida kuzatilmagani bilan ham o‘ziga e’tibor tortgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ularning qanday jo‘nab ketishganidan tortib, nega norozi ahvolda ekanliklarigacha savol ostiga olingan.
Muhokamalarga o‘zbekistonliklarning o‘zlaridan tashqari boshqa mintaqa davlatlari fuqarolari va belaruslarning o‘zlari ham qo‘shilishgani ko‘rilgan.
Mavzu O‘zbekistondagi barcha yetakchi nashrlarning ham e’tiborlariga tushgan, keng yoritilgan.
Jumladan, daryo.uz nashrining bu xususda O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan bog‘langani ham ko‘rilgan.
Mazkur agentlik matbuot kotibi nashrga "Belarusga o‘zbekistonlik investorlarning fermer xo‘jaliklarini tashkil etish uchun borgan"liklarini ma’lum qilgan.
Gulruh To‘laeva, "shartnoma shartlariga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqining 900-1000 dollar etib ko‘rsatilgani, eng yuqori oylikning esa 1200 dollar etib belgilangan"ligiga ham to‘xtalib o‘tgan.
U, "agar ish beruvchi migrantlarga shartnomada ko‘rsatilgan ish haqini berishdan bosh tortsa yoki shartlarga amal qilmasa, ishchilar boshqa ishga o‘tkazilishi, muammoning xuddi o‘sha kuni kechga qadar hal qilinishi"ni bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu pilot loyihaga Andijon viloyatidan tashqari Migratsiya agentligi va Belarusning Vitebsk viloyati Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya qo‘mitasi ham bosh qo‘shgan.
Loyihaning uch tomonlama kelishuv asosida soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilayotgani aytilgan.
Yig‘in tafsilotlari

Surat manbasi, rasmiy
Toshkentdagi yig‘in tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha esa, Minskda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidlagan.
Aytilishicha, Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat ob’ektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud.
Ya’ni, mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 million gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi.
"Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish va fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi".
Bunda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon va Vitebsk o‘rtasida shakllangan hamkorlik modeli boshqa hududlar - ya’ni O‘zbekiston va Belarusning boshqa qator viloyatlari kesimida ham shakllantiriladi.
Sanoat va agrar ob’ektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida "yo‘l xaritalari" tasdiqlanadi.
Rasmiy xabarlarda aytilishicha, prezident Mirziyoyev har bir kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rniga aylanishi shartligini ta’kidlagan.
Mutasaddilarga esa, erishilgan natijalarni tizimli nazorat qilish va "yo‘l xaritalari" ijrosini tanqidiy tahlil qilib borish topshirilgan.
Fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Agar, prezident matbuot xizmatining rasmiy xabarida keltirilgan ma’lumotlarga tayanilsa, birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1100 nafar O‘zbekiston fuqarosini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Shu yil sentyabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Buning uchun Vitebsk shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasi ham ochiladi.
Belarusdan nima gap?
Shu kunlarda olingan xabarlarga ko‘ra, prezident Lukashenko ma’muriyatining rahbari ham o‘zbekistonlik ishchilarning Belarusga kelishi bilan bog‘liq bahslarga munosabat bildirib, ularning investitsiya loyihalarida ishga joylashtirilishini aytgan.
"Bu hech qanday nazoratsiz migratsiya emas. Bu — O‘zbekiston prezidenti ta’kidlaganidek, amalda uning shaxsiy nazorati ostida bo‘lgan migratsiyadir", — deya Dmitriy Krutoyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan "Pozirk" veb-sayti 18 iyul kuni.
Krutoyning aytishicha, Lukashenko va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi yaqindagi muzokaralar mehnat migratsiyasiga emas, balki investitsiyalarga qaratilgan.
"Bu masala mutlaqo asossiz bo‘lib, axborot maydonida sun’iy ravishda bo‘rttirib ko‘rsatildi. Tabiiyki, bu — chet eldagi muxolifatimiz uchun shov-shuvli mavzu," — deya qo‘shimcha qildi Krutoy.
Aytilishicha, xorijlik ishchilar Belarus ish beruvchilarining talabiga binoan yollanadi; ular mamlakatga kirishdan oldin tekshiruvdan o‘tadi hamda ish haqi, mehnat sharoitlari va turar joy masalalari belgilangan mehnat shartnomalarini imzolaydi.
Kecha, 20 iyul kuni esa Belarus Bosh vazirining o‘rinbosari boshchiligidagi hay’atning poytaxt Toshkentga kelgani, O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashgani rasman xabar berilgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston prezidentining Minskka rasmiy tashrifi, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada samarali natijalar bergani "mamnuniyat" bilan qayd etilgan.





























