Orol dengizi fojiasi: mintaqaning buguni va kelajagi qanday? Video

Orol dengizining qurigandan keyingi sputnikdan tushirilgan surati.
Surat tagso‘zi, Orol dengizi - bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi eng yirik ko‘l hisoblangan.
Published
O'qilish vaqti: 10 daq

1960-yillarda Sovet Ittifoqi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonning quruq tekisliklarida suvni boshqa tomonga burish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirdi. Uzoq tog‘lardagi qorlarning erishi va yog‘ingarchiliklardan to‘yinadigan mintaqaning ikki asosiy daryosi - Sirdaryo va Amudaryo suvlari cho‘lni paxta va boshqa ekinlar yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi yerlariga aylantirish uchun ishlatildi. Loyihadan avval Sirdaryo va Amudaryo tog‘lardan oqib tushar, Qizilqum cho‘li orqali shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda oqib o‘tar va havzaning eng past qismida birlashar edi. Ular hosil qilgan ko‘l - Orol dengizi - bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi eng yirik ko‘l hisoblangan.

Sug‘orish ishlari cho‘lni yashnatgan bo‘lsa-da, Orol dengizini halokatga uchratdi. NASAning Terra sun’iy yo‘ldoshidagi MODIS (Moderate Resolution Imaging Spectroradiometer) qurilmasi orqali olingan tasvirlar mazkur o‘zgarishlarni hujjatlashtirgan. 2000 yilga kelib, Orol dengizi 1960 yildagi maydonining katta qismini yo‘qotgan edi. Shimoliy Orol dengizi (ba’zan Kichik Orol deb ham ataladi) Janubiy (Katta) Orol dengizidan ajralib ketgan edi.

Orol dengizning qurigan tubi surati.
Surat tagso‘zi, Qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari bilan zararlangan ochilib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang aholi salomatligi uchun jiddiy xavfga aylandi.

Janubiy Orol dengizi esa sharqiy va g‘arbiy qismlarga bo‘linib ketgan bo‘lib, ular faqat ikki chekka nuqtada zaif tarzda bog‘lanib turgan edi. 2001 yilga kelib janubiy bog‘lanish ham uzildi va keyingi bir necha yil ichida sayozroq bo‘lgan sharqiy qismi tez sur’atlar bilan chekina boshladi. Xususan, 2005-2009 yillar oralig‘ida Amudaryo oqimi qurg‘oqchilik tufayli kamayib, keyinchalik deyarli to‘xtab qolgani sababli Janubiy Orolning sharqiy qismi katta yo‘qotishlarga uchradi. Keyinchalik 2009–2018 yillar davomida quruq va sernam yillarning almashinishi ta’sirida suv sathi yilma-yil o‘zgarib turdi. 2014 yilda Janubiy Orol dengizining sharqiy qismi butunlay yo‘qoldi. 2018 yil yozida suv sathi bahorgi qor erishidan keyin kutilgandek past bo‘lmadi.

Orol dengizi qurib borishi bilan baliqchilik sohasi va mahalliy aholi jamoalari ham tanazzulga yuz tutdi. Tobora sho‘rlanib borayotgan suv o‘g‘itlar va pestitsidlar bilan ifloslandi. Qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari bilan zararlangan ochilib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang aholi salomatligi uchun jiddiy xavfga aylandi. Tuzli chang dengiz tubidan ko‘tarilib, dalalarga cho‘kib, tuproq sifatini yomonlashtirdi. Ekin maydonlarini yuvish uchun tobora ko‘proq daryo suvidan foydalanishga to‘g‘ri keldi. Bunday ulkan suv havzasining iqlimni yumshatuvchi ta’siri yo‘qolishi natijasida qishlar sovuqroq, yozlar esa issiqroq va quruqroq bo‘lib qoldi.

Bu haqda AQSh Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq etish agentligi - science.nasa.gov nashri "O‘zgarishlar olami: qurib borayotgan Orol dengizi" hisobotida yozgan.

Orol dengizi fojiasi va suv xavfsizligi muammosi

Orol buyi hududagi kanallardan birining bo‘yi, beton ustunlar chiqib turibdi, uzoqdan tashlandiq uskunalar ko‘rinadi
Surat tagso‘zi, Pomir va Tyan-Shan tog‘laridagi muzliklarning qisqarishi, iqlim o‘zgarishi natijasida yog‘ingarchilikning o‘zgaruvchan tus olishi hamda aholi va iqtisodiyotning suvga bo‘lgan ehtiyojining ortishi bosimni kuchaytirmoqda.

Orol fojiasining sabablari haqida so‘z ketganda, xalqaro tashkilotlar hisobotlari va mahalliy ekspertlar fikri bir nuqtada tutashadi.

O‘zbekistonlik, xalqaro ekologik va suv resurslari loyihalarida ishtirok etib kelayotgan bir qator mutaxassislarning fikricha, Orol dengizi fojiasi uchun eng katta mas’uliyat Sovet Ittifoqi davridagi rejalashtirish siyosati zimmasida. Chunki o‘sha vaqtda Amudaryo va Sirdaryo suvlarining katta qismi paxta yetishtirish uchun ishlatilgan. Natijada Orol dengiziga suv kam kelgan va dengiz quriy boshlagan. Bugungi kunda ham mintaqa davlatlari suvdan samarali foydalanishi kerak. Iqlim o‘zgarishi ham vaziyatni qiyinlashtirmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mintaqa oldidagi eng dolzarb muammolardan biri suv resurslarining kamayib borayotganidir. Pomir va Tyan-Shan tog‘laridagi muzliklarning qisqarishi, iqlim o‘zgarishi natijasida yog‘ingarchilikning o‘zgaruvchan tus olishi hamda aholi va iqtisodiyotning suvga bo‘lgan ehtiyojining ortishi bosimni kuchaytirmoqda. Bu holat qishloq xo‘jaligida suvdan hanuz samarasiz foydalanilayotgani bilan yanada murakkablashmoqda.

Qoraqalpog‘istondan Germaniyaning Bonn shahrigacha: Orol dengizi fojiasi haqida dunyoga so‘zlayotgan Ramuza

Ramuza va Aziza Qadam Angliyadagi parklarning birida suhbat qilyapti.
Surat tagso‘zi, BBC O‘zbek xizmati Orolbo‘yi mintaqasida tug‘ilib o‘sgan, ayni paytda atrof-muhit masalalari bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan mutaxassis Ramuza Muxammetsheripova bilan suhbatlashdi.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Biroq Orol fojiasi haqida raqamlar va ekspertlar xulosalari orqaligina emas, balki uning oqibatlarini o‘z hayotida his qilib yashagan insonlar orqali ham to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin. BBC O‘zbek xizmati Orolbo‘yi mintaqasida tug‘ilib o‘sgan, ayni paytda atrof-muhit masalalari bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan mutaxassis Ramuza Muxammetsheripova bilan suhbatlashdi. Suhbatni Aziza Qadam olib bordi.

BBC.COM/UZBEK: Qoraqalpog‘istonning oddiy ko‘chalaridan Germaniyaning Bonn shahrigacha. Ko‘pchilik uchun bu shunchaki orzu. Lekin bugungi qahramonimiz bu yo‘lni bosib o‘tdi. Unga o‘rnak bo‘lgan insoni - akasi. Bir yillar oddiy Qoraqalpoq oilasida ulg‘aygan qiz bugun jahonning eng katta logistik kompaniyasi DHL da ishlaydi. Ammo chet eldagi hayot, Instagramdagidek chiroylimi? Qoraqalpog‘istondan chiqqan oddiy qiz qanday qilib Yevropaning salohiyatli ishida o‘z o‘rnini topdi? Muvaffaqiyat ortida qanday bosimlar va zahmat bor? Suhbatdoshim, Germaniyadan Angliyaga mehmonga kelgan Ramuza Muxammetsheripova. Ramuza yoshligingiz haqida gapirib bersangiz.

Ramuza Muxammetsheripova: Men Nukus shahrida tug‘ilganman. Adam baliqchi bo‘lgan onam oddiy hisobchi, maktabda hisobchi bo‘lib ishlaganlar.

BBC.COM/UZBEK: Germaniyaga qanday keldingiz?

Ramuza Muxammetsheripova: Germaniyaga 2024 yil, Germaniya hukumati granti orqali kelganman. Bu menga magistraturada o‘qish imkoniyatini berdi.

BBC.COM/UZBEK: Siz bu grantni qanday yutib olgansiz. Bilamizki, O‘zbekistonda ko‘pchilik yoshlar bunga harakat qiladi?

Ramuza Muxammetsheripova: O‘qish grantini olish uchun ariza topshiriladi, ariza o‘tgandan keyin suhbatga chaqirishadi. Sizning motivatsiyangizni bilmoqchi bo‘ladi, hamda bilimingizni ham tekshirishadi. Keyin natija chiqadi, va o‘tgan o‘tmaganingiz haqida ma’lumot berishadi. Undan keyin Germaniyaga kelasiz. Bizga bu grant til o‘rganishga ham imkoniyat yaratib berdi. Ikki oy nemis tilini o‘rganganmiz. Shundan so‘ng o‘qishni boshlaganman.

Rasm old fonida Ramuza kulib qarayapdi, orqa fonida esa ko‘p qavatli DHL binosi.

Surat manbasi, Ramuza Muxammetsheripova

Surat tagso‘zi, Hozir Ramuza DHL kompaniyasining Germaniyada joylashgan bosh ofisida havoga chiqariladigan zaharli gazlarni kamaytirish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.

BBC.COM/UZBEK: Germaniyaga ketayotganingizda eng katta qo‘rquv nima edi?

Ramuza Muxammetsheripova: Menda qo‘rquv bo‘lmagan. Chet davlatda o‘qish orzum bo‘lgan. Shu bilan birga ko‘proq hayajon bo‘lgan. Orol dengizi fojiasini ko‘pchilik biladi. Men o‘sha mintaqadan bo‘lganim uchun bu masala men uchun juda muhim bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun men bu dasturda o‘qishga qaror qilib Germaniyaga ketganman.

BBC.COM/UZBEK: Mana siz Orol dengizi haqida aytib o‘tdingiz. Bu jahon bo‘yicha tan olingan juda katta fojia. O‘zbekistonda hozir bir qator xalqaro tashkilotlar bilan, jumladan Germaniya hukumati bilan hamkorlikda, loyihalar amalga oshirilyapti. Siz Germaniyada o‘qib, faoliyat yurityapsiz, sizda keyinchalik o‘z vatanimda ham qandaydir ishlar qilaman degan rejangiz ham bo‘lganmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Bo‘lgan. Hozirda shu dastur doirasida atrof-muhitga yaxshi ta’sir qiladigan narsalarni ham o‘rgatishadi. Shunday ekan, buni keyinchalik O‘zbekistonning atrof-muhitini yaxshilash uchun qo‘llash mumkin.

BBC.COM/UZBEK: Aynan Orol dengizi hududidami?

Ramuza Muxammetsheripova: Orol boyi hududida ham, O‘zbekistonning hamma joyiga kerak bu narsa. Hozir O‘zbekistonda suv muammosi bor. Men o‘qiyotgan dasturda keyinchalik, misol tariqasida aytyapman, suvni qanday qilib taqsim qilishni ham o‘rgatishadi.

Rasmda  baliqchilida qo‘llaniladugan katta kran tashlandiq holda zanglab turibdi, uning pastida esa eskirib qolgan beton devor, qishayib turibdi.
Surat tagso‘zi, "Chunki mening buvam ham baliqchi bo‘lgan. Ularing baliq yetishtiradigan fermerchilik xo‘jaligi bo‘lgan. Hozirgi paytda suv bilan muammo bo‘lganligi uchun faoliyatni to‘xtatib qo‘yganlar", Ramuza Muxammetsheripova.

BBC.COM/UZBEK: Otangiz faoliyati haqida ham gapirib bersangiz. Chunki Qoraqalpog‘istonda baliqchilik, bir necha o‘n yillar oldin, Orol dengizi fojiaga yuz tutmasdan oldin baliqchilik sohasi katta bo‘lgan. Demak sizning otangiz baliqchi bo‘lgan, shunday emasmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Baliqchi bo‘lgan va bu kasbni u o‘z otasidan o‘rgangan. Chunki mening buvam ham baliqchi bo‘lgan. Ularing baliq yetishtiradigan fermerchilik xo‘jaligi bo‘lgan. Hozirgi paytda suv bilan muammo bo‘lganligi uchun faoliyatni to‘xtatib qo‘yganlar. Yoshligimda akam ko‘p motivatsiya bergan. Menga u rol model bo‘lib hisoblangan. Kichkinaligimda chet elga chiqish, u yerda o‘qish orzuga o‘xshardi. Lekin akam keyinchalik Vestminster universistetiga grant asosida o‘qishga kirgan, o‘qiyotgan paytida Amerikaga ham borib kelganlar.

BBC.COM/UZBEK: Ramuza bir paytlar sizda "Mendan hech narsa chiqmaydi" degan qo‘rquv ham bo‘lganmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Hozirdayam bo‘lib turadi. Kichik paytimda, "Man bunaqa qila olmayman" deganman. Lekin shu aytib o‘tganimdek, akam menga ko‘p turtki bo‘lgan. Ko‘p narsani isbotlagan, "Qila olasan" deb. Hozir oilali bo‘lsayam, u o‘z ustida ishlashni to‘xtatmaydi.

BBC.COM/UZBEK: DHL dunyoning eng katta logistik kompaniyasi hisoblanadi. Siz qanday qilib bu kompaniyada ishlashga muvaffaq bo‘dingiz?

Ramuza Muxammetsheripova: DHL bu logistik kompaniya lekin men ishlayotgan joy - havodagi zaharli gazlarni kamaytirish bo‘yicha loyiha. Men hozir shu sohada o‘qiyotganim sababli bu menga katta plyus bo‘lib hisoblangan. Bundan tashqari bitta loyihani tatbiq qilishim kerak bo‘lgan. Men loyihani tayyorlaganman, ularga ko‘rsatganman. Ularga mening loyiham ma’qul bo‘lganidan keyin, menga shu ishni taklif qilishgan. Kichkina paytimda Orol dengizi, Orol fojiasi menga juda yaqin narsa bo‘lgan. Universitetda bir payt shu mavzu aytib o‘tilgan. "Bu fojiani kim biladi?" deganlarida, men qo‘limni ko‘targanman. "Men o‘sha joydanman, men aytib bera olaman", deganman. Aytayotganimda bo‘g‘zim tiqilib, gapirolmay qolganman, ozgina yig‘lab yuborganman ham. Shuning uchun, nazarimda, shu narsani o‘qishga, o‘rganishga qaror qilganman. Hozirda ham universitetda o‘qiyapman, va ham amaliyot orqali o‘rganib kelyapman. Bu men uchun judayam yaqin va qadrli mavzu.

Orol bo‘yi hududida tashlandiq kema to‘ntarilgan holda, uning orqasida esa g‘ishtdan qurilgan uy. Atrof tevarak qurg‘oqchilik.
Surat tagso‘zi, "Bu fojiani kim biladi?" deganlarida, men qo‘limni ko‘targanman. 'Men o‘sha joydanman, men aytib bera olaman', deganman. Aytayotganimda bo‘g‘zim tiqilib, gapirolmay qolganman, ozgina yig‘lab yuborganman ham. Bu men uchun judayam yaqin va qadrli mavzu", Ramuza Muxammetsheripova.

BBC.COM/UZBEK: Oiladan uzoqda yashash sizni qanchalik o‘zgartirdi?

Ramuza Muxammetsheripova: Oiladan uzoqda yashash meni kuchliroq qildi, chunki oiladan uzoqdasiz, va har doimgidek sizga yordam beradigan yaqinlaringiz yoningizda yo‘q. Uzoqda lekin boshqacha bo‘ladi... Mustaqil yashashni o‘rganasiz, hayotga boshqacha nazar, haqiqiy nazar bilan qarshini o‘rganasiz. Shunday qilib kuchaytiradi va odam qiladi.

BBC.COM/UZBEK: Mana siz hozir Qoraqalpog‘istondan kelib Germaniyaning salohiyatli tashkilotida ishlayapsiz. Ish faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz?

Ramuza Muxammetsheripova: Butun jahon bo‘ylab, Amerika, Avstraliya, Osiyo davlatlaridan hamkasblarim bilan yig‘ilib, bir-birimiz bilan barqaror rivojlanish bo‘yicha qilingan ishlar haqida tajriba almashamiz. Boshqa hamkasblarim, ularga to‘g‘ri keladigan tajriba bo‘lsa, uni o‘z ish faoliyatida qo‘llashlari mumkin. O‘sha tomondayam shu havoga chiqayotgan zaharli gazlarni kamaytirish uchun. Tashkilotimiz global bo‘lganligi uchun biz qarab turishimiz kerak, qaerda qanday rivojlanish bo‘lyapti. U odamlarga keyin chiqishimiz mumkin, ularga men elektron maktub yozaman. O‘zbekistondayam dasturlarda ishlaganman. Biz u yerda ham shunga o‘xshagan platforma yaratib berganmiz. O‘qituvchilar bir-biri bilan o‘zaro tajriba almashishgan. Bizga keyinchalik ular aytishganki, oldinlari o‘z tajribasini almashish uchun ularda platforma bo‘lmagan - ayrim hollarda bo‘lishishni xohlashmagan ham.

Orol bo‘yi quruq havzasida tashlandiq kema, zanglagan va yemirilayotgan holatda.
Surat tagso‘zi, Mutaxassislar fikricha, mintaqa mamlakatlari, ayniqsa Amudaryo havzasida joylashgan davlatlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashi kerak.

BBC.COM/UZBEK: Ko‘pchilik blogerlar chet ellarga borib videolar qo‘yishadi, diqqatga sazovor joylar juda-juda chiroyli ko‘rinadi. Chet eldagi hayot Instagramdagidek idealmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Afsuski yo‘q. Xorij davlatga o‘tganingizdan keyin, yashayotganingizda, u yerga ta’lim uchun ko‘chsangiz, hayotni qaytadan boshlayotgandek bo‘lasiz. Men Germaniyaga ko‘chdim va oldin nemis tilini bilmasdim. Yangi tug‘ilgan boladek, til o‘rganasiz, gapirishni, yurishni o‘rganasiz. Odamlar bilan gaplashishni o‘rganasiz. Yana do‘st orttirishingiz kerak.

BBC.COM/UZBEK: Muvaffaqiyat uchun eng katta yo‘qotish nima bo‘ldi deb hisoblaysiz?

Ramuza Muxammetsheripova: Eng katta yo‘qotish - oiladan uzoq yashash. Judayam sog‘inasiz. Ular bilan birga vaqt o‘tkazishni, kechqurun uyga kelib, oila atrofida, ovqat yeyish, gaplashishni xohlaysiz.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

BBC.COM/UZBEK Lekin baribir shu O‘zbekistondagi oilaviy qadriyatlar, issiqlik saqlanib qoladimi, odamda?

Ramuza Muxammetsheripova: Ha albatta, ishlayotgan joyimda menga: "Sen judayam yaxshi insonsan, sendan qanaqadir nur taralib turadi. Judayam mehmondo‘stsan. Odamlar bilan kulib, hurmat bilan gaplashasan", deyishadi. Ular o‘ylashadiki bu faqat mening tabiatim deb. Men ularga: "O‘zbekistonda hammamizda shunaqa. Bu bizning madaniyatimiz", deyman. Bu bizning qanaqadir kuchimiz. Bizlar odamlar bilan kirishib ketishimiz ham.

BBC.COM/UZBEK: Demak bizning madaniyatimiz, milliy urf - odatlarimiz bizga kuch bag‘ishlaydi, shunday emasmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Shunday-shunday. Ular menga: "Bu sening kuchli tarafing bo‘lib hisoblanadi", deb aytishadi. Men shu bilan g‘ururlanaman. "Men O‘zbekistondanman, ha bu biz uchun odatiy narsa", deb aytaman ularga.

Ramuza Muxammetsheripova
'Bu fojiani kim biladi?' deganlarida, 'Men o‘sha joydanman, men aytib bera olaman', deganman. Aytayotganimda bo‘g‘zim tiqilib, gapirolmay qolganman, ozgina yig‘lab yuborganman ham.
Ramuza Muxammetsheripova
DHL (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing )

BBC.COM/UZBEK: O‘zingizni baxtli deb hisoblaysizmi?

Ramuza Muxammetsheripova: Ha, albatta. Men o‘zimni baxtli deb hisoblayman. Chunki mening orzularim bo‘lgan. Men ularni amalga oshirganman. Yevropa standarti bo‘yicha ta’lim olyapman. Dunyodagi eng katta logistik kompaniyalardan birida ishlayapman. Judayam yaqin va yaxshi do‘stlarim bor. Hamkasblarim ham judayam yaxshi. Oilam ham har doim meni qo‘llab-quvvatlagani uchun men o‘zimni juda baxtli inson deb hisoblayman.

BBC.COM/UZBEK: Agar bugungi aqlingiz bilan Qoraqalpog‘istondagi o‘sha qizaloq paytingizdagi o‘zingizga qarata nima degan bo‘lardingiz?

Ramuza Muxammetsheripova: O‘zingni boshqalar bilan solishtirishni bas qil, har kimning yo‘li boshqa. Agar qandaydir orzularing bo‘lsa ularga erishishdan va ularni amalga oshirishdan to‘xtama deb aytgan bo‘lar edim. Hozirda imkonsizdek tuyulayotgan narsalar keyinchalik hayotingning bir qismi bo‘lib qoladi, degan bo‘lardim. Faqatgina harakat qilishdan va orzu qilishdan to‘xtama deb aytib qolardim o‘zimga.

Orolbo‘yi kelajagi uchun xalqaro sa’y-harakatlar

Rasmda Orol dengizi tubi quruqligida qolgan zanglab yotgan kema qoldiqlari
Surat tagso‘zi, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan bir qator xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugun Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan bir qator xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil mart oyida «Yashil Orol dengizi» tashabbusining navbatdagi bosqichi doirasida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi qurib qolgan Orol tubining 80 gektar maydoniga 80 ming tup saksovul ko‘chati o‘tqazildi. Loyihaning maqsadi qum va tuz bo‘ronlarini kamaytirish hamda hudud ekotizimini tiklashdan iborat.

Orolbo‘yi mintaqasida ekologik tiklanish bilan bir qatorda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi loyihalari mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Yevropa Ittifoqi ham Orolbo‘yida yerlarni tiklash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan bir qator ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan.

Shuningdek, Global Green Growth Institute (GGGI) ham Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasida esa JSST (WHO), UNICEF va boshqa BMT agentliklari ishtirokida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ekologik inqirozning salomatlikka ta’sirini kamaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Jahon banki Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv hamkorligini mustahkamlash uchun 20 million dollarlik grant ajratganini ma’lum qildi.

Jahon banki tomonidan tasdiqlangan mazkur dastur Markaziy Osiyoda suv samaradorligi bo‘yicha hamkorlik loyihasini (CAWEC) moliyalashtirish uchun ajratilgan bo‘lib, loyiha Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi (IFAS) tomonidan amalga oshiriladi. Loyihada Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirok etishi aytiladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, suv va energetika resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha hamkorlikning cheklangani mintaqa davlatlariga har yili 4,5 milliard dollardan ortiq zarar keltirmoqda. Bank ta’kidlashicha, suv omborlaridan o‘zaro muvofiqlashtirilmagan holda foydalanish, ma’lumotlar almashinuvining yetarli emasligi hamda eskirayotgan infratuzilma mintaqaning samarali hamkorlik orqali qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy foydani cheklab qo‘ymoqda.

Loyiha mintaqaviy institutlarni mustahkamlash, suv hisobini yuritish va ma’lumot tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ma’lumotlar almashinuvini yaxshilashni nazarda tutadi.

Jahon Bankining mazkur dasturi haqida bugun Times of Central Asia nashri yozdi.

Aytilishicha, Orolbo‘yidagi xalqaro tashabbuslar O‘zbekiston hukumati, davlat idoralari va mahalliy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, mintaqa mamlakatlari, ayniqsa Amudaryo havzasida joylashgan davlatlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashi kerak. Suv resurslariga faqat milliy emas, balki umumiy mintaqaviy boylik sifatida qarash muhim. Buning uchun mamlakatlar suv resurslariga oid ma’lumotlar almashinuvini kengaytirishi, suvni tejaydigan texnologiyalarni faol joriy etishi, shuningdek, texnik va siyosiy muloqotni, suv diplomatiyasini kuchaytirishi zarur.