Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Jahon chempionati-2026. Final: Ispaniya yangi jahon chempioni. Video
Kubok 16 yil deganda yana Ispaniyaga qaytdi. Yevropa chempionlari amaldagi jahon chempionini yengdi: Ispaniya 1-0 Argentina.
Yulduz Messi jamoasi bu yil kumush medallariga qanoat qiladigan bo‘ldi.
Final uchrashuvi taqdirini qo‘shimcha bo‘limlar hal qildi.
Ispaniyaning yaqqol ustunligi ostida o‘tgan o‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi.
Argentina yangi jahon chempioni taqdirini hal qilgan qo‘shimcha bo‘limlarni 10 futbolchisi bilan o‘ynadi.
93-daqiqada o‘yinchisi ustma-ust sariq kartochka bilan maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Qo‘shimcha bo‘lim ikkinchi qismining so‘nggi daqiqalarida Argentinada hisobni tenglashtirish, Ispaniya darvozasini zabt etishning bir emas, bir nechta yaqqol imkoniyati bo‘ldi.
Messi yana o‘zini ko‘rsatdi, ammo jamoaning omadi kulib boqmadi.
Argentinaning ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritish, Braziliyaning 1962 yilgi yutug‘ini takrorlash orzusi chippakka chiqdi.
Argentina jahon chempionatida jami uch bor g‘olib bo‘lgan.
Ispaniya esa o‘zining tarixida ikkinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Yangi Jahon chempioni taqdirini hal qilgan yagona to‘pni Ferran Torres o‘zining hisobiga yozdi.
Final uchrashuvida o‘zining tinimsiz o‘yini bilan e’tiborga tushgan Yamal esa bor-yo‘g‘i 19 yoshida jahon chempioni bo‘lib, yana ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi.
Jahon chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi, eng yaxshi yosh futbolchisi va eng yaxshi darvozaboni deb ham Ispaniya terma jamoasi vakillari topilishdi.
Rodrigo, Kubarsi va Simon maydonning o‘zida taqdirlanishdi.
Birinchilikning eng zo‘r to‘prurari maqomi esa Kilian Mbappega ketadigan bo‘ldi.
Kilian Mbappe Jahon chempionatining "Oltin butsa" sovrinini ikki marta qo‘lga kiritgan birinchi futbolchiga aylandi.
Frantsiya milliy terma jamoasi yulduzi jahon chempionatida kiritgan jami 10ta to‘pi bilan Messini ortda qoldirdi.
Finalchilarni taqdirlash marosimida AQSh Prezidenti Donald Trampning o‘zi ham hozir bo‘ldi.
Aynan Tramp deb, final uchrashuvining kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazilgani aytildi.
Bugungi final uchrashuvi bilan O‘zbekiston debyut qilgan jahon chempionati o‘z poyoniga yetdi.
Birinchilikning bronza medallariga esa Angliya ega chiqdi.
Angliya 1966 yildan keyin Jahon chempionatidagi eng yuksak natijasini qayd etdi.
Jamoa kecha, shanba kuni uchinchi o‘rin uchun bo‘lgan kurashda Frantsiyani dramatik shaklda mag‘lub etdi.
Futbol o‘yinida xokkey 4:6 hisobi qayd etildi.
Natija futbol olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Ispaniya-Argentina - o‘zbekistonliklar kimga ishqibozlik qildi? Videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Final o‘yini
Ispaniya 1-0 Argentina.
Final uchrashuvining birinchi bo‘limida hisob ochilmadi.
Har ikki milliy terma jamoada ham o‘yinda hisobni ochishning yorqin imkoniyatlari bo‘lmadi, hujumkorlik yetishmadi.
Birinchi bo‘limda Ispaniya Argentinaga qaraganda maydonda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi, to‘pga ko‘proq egalik qildi, faolroq zarba berishga urindi.
Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida raqiblari darvozasini bir necha bor nishonga olishga urindi.
Ammo bergan zarbalarida aniqlik yetishmadi.
Messining Argentinasi esa hal qiluvchi o‘yinlarda so‘nggi daqiqalarda hisobni o‘zining foydasiga hal qila olishi bilan e’tiborga tushgan.
Final uchrashuvida 2-bo‘lim boshlandi.
Ispaniya ikkinch bo‘limni yanada hujumkorlik bilan boshladi.
Ikkinchi bo‘limning dastlabki o‘ninchi daqiqasida raqiblari darvozasi qarshisida ikki bor qaltis vaziyat yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Birinchisida jamoa hujumida uyushqoqlik yetishmadi.
Ikkinchisida esa Argentina himoyada yaxshi o‘ynadi.
2-bo‘limning 63 va 66-daqiqalarida Ispaniyada o‘yinda hisobni ochishning bir emas, ikkita imkoniyati bo‘ldi.
Ammo Argentina darvozaboni har ikki gal ham pand bermadi.
Argentina hozircha himoyada.
2-bo‘limning 73-daqiqasi o‘tib bormoqda.
Argentinaning hujum uyushtirishga bo‘lgan urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Uchrashuvning 2-bo‘limi o‘zining 80-daqiqasiga kirib bormoqda.
O‘yinda hisob hanuz 0-0.
Shu daqiqalarda ham Ispaniyaning Argentina darvozasini zabt etishga qaratilgan ustma-ust urinishlari besamar yakunlandi.
Argentina darvozaboni yaxshi o‘ynadi.
Martinez xuddi shu daqiqalarda ham Argentinani yana bir to‘pdan asrab qoldi.
Ispaniya 2-bo‘limning so‘nggi daqiqalarigacha hujumkor o‘yin ko‘rsatishga uringan bo‘lsa-da, o‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi.
Argentinada qo‘shimcha daqiqalarda ilk bor o‘yinni o‘z foydasiga hal qilishning qulay imkoniyati bo‘ldi, ammo Ispaniya darvozasi ham daxlsiz qoldi.
So‘nggida Yamalda jarima to‘pi hisobiga o‘yinda hisobni ochishning yaxshi imkoniyati bo‘ldi.
Lekin bu gal ham Argentina darvozaboni o‘zining mahoratini namoyish etdi.
Final uchrashuvi va yangi jahon chempionatining taqdiri hozircha qo‘shimcha bo‘limlarga qoldi.
Fernandez ikki sariq kartochka hisobiga qizili bilan o‘yinni tark etishga majbur bo‘larkan, Argentina qo‘shimcha bo‘limda maydonda 10 kishi qolgan.
Qo‘shimcha bo‘limning birinchi qismida ham hisob ochilmadi.
Ispaniyaning hujumkor o‘yini samara bermadi.
Qo‘shimcha bo‘limning dastlabki daqiqalarida Argentina darvozasiga kiritgan to‘pi bekor qilindi.
Uchrashuv hakami Argentina darvozaboniga nisbatan qo‘pollik qilindi, deb topdi.
Final uchrashuvida hisob qo‘shimcha bo‘lim ikkinchi qismining dastlabki daqiqalarida ochildi.
106-daqiqada Ferran Torres Ispaniyani hisobda oldinga olib chiqdi.
Yana xuddi o‘sha Ferran Torresning o‘zi 114-daqiqada hisolni 2:0ga yetkazdi.
Ammo uchrashuv hakami uni o‘yindan tashqari holatda, deb topdi.
O‘yinda hisob o‘zgarishsiz qoldi.
O‘zbekistonda kafe va restoranlar, choyxonalardagi ulfatlar davrasida finalni orziqib kutganlar shunchalik ko‘pmi? Har ikki milliy terma jamoaning ishqibozlari esa O‘zbekistonda ham ozmuncha emas. Bu yana O‘zbekiston debyut qilgan jahon chempionati ham bo‘ladi.
Tarixiy jahon chempionati
O‘zbekistonliklarning birlari bugun "Real"u "Barsa" uchun Ispaniya taraf. Yana Yamalning ishqibozi.
Boshqalari esa, birgina yulduz Messining o‘zi uchun Argentina, deb turibdi.
Ammo bu O‘zbekistonning o‘zi ham debyut qilgan jahon chempionati bo‘ladi.
O‘zbekiston 34 yil deganda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan, bunday tarixiy yutuqqa erishgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan va birinchilikda yakka o‘zi butun postsovet makonini namoyon etgandi.
O‘zbekiston jahon chempionatidagi ilk ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan, ammo shunda ham birinchilikda o‘zining tarixiy gollarini kiritish, kiritgan to‘plari bilan qo‘shaloq rekordlarni yangilash, ulardan birining hatto eng zo‘ri, deb topilishiga ham muvaffaq bo‘lgan.
Futbolsevarlikda esa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning "Braziliya"siga qiyos beriladi.
Jahon futbolidagi biror bir yangilik, ta’bir joiz, e’tibordan chetda qolmaydi.
Endi esa xuddi ana shu jahon chempionati o‘zining qiyomiyu poyoniga yetmoqda.
Birinchilik besh haftalik kurashdan so‘ng o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirayotir.
Yakshanba kuni Nyu-Yorkda futbol bo‘yicha yangi jahon chempionining nomi ma’lum bo‘ladi.
103 uchrashuv ortda qolib, final - 104chisida Ispaniya va Argentina bir-birlariga qarshi maydonga tushdi.
Amaldagi Yevropa chempionlari jahon va Janubiy Amerika chempioni bilan to‘qnashmoqda.
Tarixda ilk bor bir Yevropa qit’asi vakili finalda Janubiy Amerika termasi bilan kuch sinashayotir.
Ispaniya 16 yil deganda qayta, Argentina esa ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lmoqchi.
Argentina umid qilayotgan yutuqqa esa 1962 yilda faqat Braziliya muvaffaq bo‘lgan, xolos.
Ispaniya yarim finalda jahon chempionligiga eng asosiy da’vogarlardan biri Frantsiya, Argentina esa Angliyani mag‘lub etib finalga chiqqan, yutqazib turgan joyida qaytish qilib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Ilk bor keng formatda tashkil etilgan bu yilgi jahon chempionatiga birvarkayiga dunyoning uch davlati – Meksika, Kanada va Amerika Qo‘shma Shtatlari mezbonlik qilgan.
Final uchrashuviga mezbonlik qilish sharafi esa Amerika Qo‘shma Shtatlariga nasib etgan.
Qanchalik qimmat va daromadli ekani bilan ham rekord o‘rnatishi aytilgan bu yilgi jahon chempionati eng ziddiyatlilaridan biri o‘laroq ham tarixga kiradi.
Poytaxt Toshkent finalni qanday tomosha qilmoqda - suratlarda
Suratlar shu daqiqalarda poytaxt Toshkentdan olingan.
Toshkentdagi muxbirimiz Alibek Beyjanovning aytishicha, final uchrashuvi uchun parkda katta ekran ham o‘rnatilgan.
Vaqtning yarim tun ekani ham o‘zbekistonliklarning final uchrashuvini katta ekranlar qarshisida tomosha qilish ahdidan qaytara olmagan:
Final oldidan O‘zbekistondagi kayfiyat
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ilk ishtiroki mamlakatning o‘zi qolib, mintaqada ham katta qiziqishga sabab bo‘lgan.
Butun O‘zbekiston bo‘ylab maxsus fan-zonalari tashkil qilingan, ko‘plab o‘zbekistonliklar milliy terma jamoaning o‘yinlarini katta ekranlar orqali kuzatishgan.
Yomg‘ir bo‘ladimi yoki boshqa, har qanday noqulayliklarni pisand bilishmagan.
Uchrashuv vaqti erta tongga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, milliy terma jamoaga ko‘pchilik bo‘lib ishqibozlik qilishgan.
Xuddi shu manzarada O‘zbekiston prezidentining ishqibozligi va qo‘llovi ham e’tiborga tushgan voqe’likka aylangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent mezbonlik qilgan Xalqaro Investitsiya forumida ishtirok etayotgani yoki Namanganda xizmat safarida ekaniga qaramay, terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtirokini nazardan qochirmagan.
Milliy terma jamoaga ketma-ket omad tilab, ruhlarini ko‘tarishga uringan, yakunida ham ularning jahon chempionatidagi ishtirokining o‘ziyoq "g‘alaba" ekanligini aytgan, futbolning rivoji uchun bundan buyog‘iga ham hamma shart-sharoitni yaratib berishga va’da qilgan.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi Futbol assotsiatsiyasi markazi va "Neftchi" bolalar futbol akademiyasiga 28 aprel kungi tashrifi chog‘ida o‘zlarining yoshliklarida qanday futbol o‘ynaganliklari tafsilotlari bilan ham o‘rtoqlashgandi.
O‘zbekiston prezidentining milliy terma jamoa debyut qilgan jahon chempionati final uchrashuvini qaerda, qanday tomosha qilish rejasida ekani yoki yo‘qligi tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Toshkentdagi muxbirimiz Alibek Beyjanovning aytishicha esa jahon chempionatining final o‘yini butun O‘zbekiston bo‘ylab kafe, barlar va choyxonalarda namoyish etiladi.
Muxbirimizga ko‘ra, muassasalar bu haqda allaqachon ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilishni ham boshlab yuborishgan.
Yangi jahon chempionini aniqlab beruvchi final o‘yinini galalashib ko‘rish, o‘zlari sevgan terma jamoalarga ishqibozlik qilish rejasidagi o‘zbekistonliklar esa oz emas, deydi u.
Muxbirimizning aytishicha, o‘zi ham final uchrashuvini do‘stlari bilan birga, biror kafe yoki barda tomosha qilmoqchi.
Final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan yarim tunda – tungi 24:00 da boshlanadi.
Uning aytishicha, bu ham aksariyat futbol ishqibozlarining final uchrashuvini qaerda qanday ko‘rish rejalariga ta’sir qila olmagan.
Muxbirimizga ko‘ra, final uchrashuvida katta ekranlar masalasida Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Futbol Uyushmasi bilan ham gaplashgan.
Ular o‘ziga final uchrashuvi uchun katta ekranlar qo‘yish rejalashtirilmagani, xususiy tashkilotlar qo‘ysa, qo‘yaverishini aytib, javob berishgan.
O‘zbekiston va jahon chempionatidagi tarixiy ishtirok - videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Ishqibozlik
BBC O‘zbek xizmati final uchrashuvi arafasida poytaxt Toshkentda o‘zbekistonliklarga mikrofon ham tutdi.
O‘zbekistonliklarning qay bir finalchiga, nima uchun ishqibozlik qilishayotgani va ularning nazdlarida yangi jahon chempioni kim bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqdi.
"Menimcha, Argentina yutsa kerak. Chunki oxirgi payt Messi so‘nggi daqiqalarda ko‘p gol urayapti. Men Argentinaga ishqibozlik qilmoqchiman. Chunki yoshlikdan Messiga muxlislik qilib kelaman. Shuning uchun ham, oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turish kerak", - deydi ulardan biri.
"Ispaniya jahon chempioni bo‘lsa kerak. Argentinaga qaraganda, Ispaniyada yosh avlod vakillari ko‘proq. To‘g‘ri, Argentinada tajriba ko‘p. Lekin yosh avlod olib ketadi. O‘zim aslida Angliyaga ishqibozlik qilgan edim. Ammo Angliya chiqib ketdi. Hozir endi Ispaniyaga", - deydi boshqa bilan suhbatdosh.
Yana birining aytishicha ham, "bu safar Ispaniya jahon chempioni bo‘ladi".
Ammo, shunday derkan, o‘zining "qaysi biri zo‘r o‘ynasa, o‘shanga ishqibozlik qilishi"ni aytadi.
"O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etganligi uchun ham bu yilgi jahon chempionati o‘yinlarini qiziqish bilan kuzatib bordim. Hozir final o‘yini yaqinlashmoqda. Ispaniya bilan Argentina o‘yini. Ispaniyada yorqin yulduzlardan biri – Yamal bo‘lsa, Argentinada, bilamiz, Messi. Menimcha, juda ko‘p o‘zbekistonliklar bu o‘yinni albatta qiziqish bilan ko‘rishadi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Messi ancha yillardan beri futbola o‘z o‘rnini ko‘rsatib kelayapti. Lekin men Yamalning muvaffaqiyatga erishishini xohlayman. Ya’ni, yosh bo‘la turib, butun dunyoga yoshlarning yutuqlarga erisha olishini ko‘rsatib berishini istayman. O‘zim ham Ispaniyaga muxlislik qilaman", - deydi talaba qiz boshqa bir suhbatdosh muxbirimiz Alibek Beyjanovga.
Yana birlari ham "Ispaniya jahon chempioni bo‘lsa kerak", degan fikrda.
"O‘zimga ham ko‘proq Ispaniya yoqadi. O‘yini ko‘nglimdan joy olgan. O‘yinchi sifatida Yamalni ham yoqtiraman. Argentinaning kambek taktikasiga kelsak, o‘yin qanday bo‘ladi, hali bilmaymiz. Bu har doim ham ish beravermaydi. Ya’ni, qachondir pand berishi mumkin", - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.
Bugun, final kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik sport yulduzlarining raqib milliy terma jamoalardan qay biriga ishqibozlik qilishayotgani tafsilotlari bilan ham bo‘lishgan. Ma’lum bo‘lishicha:
Ispaniyaga
— Hasanboy Do‘smatov;
— Abdumalik Xalokov;
— Lazizbek Mullojonov;
— Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev;
— Davlat Bobonov;
— G‘ulomjon Abdullaev;
— Bekzod Abdurahmonov;
— Murodjon Ahmadaliev;
— Isroil Madrimov.
Argentinaga:
— Diyora Keldiyorova;
— Ruslan Nurudinov;
— Oksana Chusovitina;
— Ulug‘bek Rashitov;
— Akbar Jo‘raev.
Final uchrashuvi arafasida olingan ayrim xabarlarga ko‘ra esa, Braziliyada "Poti" laqabli yaguar Ispaniyaga qarshi final uchrashuvida Argentinaning g‘alabasini bashorat qilibdi, ularning davlat bayrog‘i tushirilgan qutini hidlabdi.
So‘nggi yillarda shakllangan an’anaga muvofiq, futbol bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati ham turli hayvonlarning bashoratisiz kechmayotir.
Jahon chempionligiga da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilgan Braziliyaning o‘zi esa Norvegiyaga yengilib, nimchorak finalidanoq pastga qulagan.
O‘zbekistonlik mutaxassis fikri
Abror Imomxo‘jaev
Sport sharhlovchisi, Toshkent
Syurpriz bo‘lgani yo‘qmi?
Abror Imomxo‘jaev: Finalga Argentina va Ispaniyaning yetib kelishi meni hayron qoldirgani yo‘q.
Men boshidan bu ikki jamoani g‘oliblar safiga qo‘shganman.
Bunga ushbu jamoalar ko‘rsatib kelayotgan o‘yindan tashqari, boshqa omillar ham bor.
Va finalda aynan ularning to‘qnash kelishi xuddi oldindan belgilangandek tasavvur uyg‘otadi.
Birinchidan, Yevropa chempioni Ispaniya va amaldagi jahon chempioni, Janubiy Amerika Kubogi sohibi Argentina shu yilning mart oyida Qatarda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Finalissimada to‘qnash kelishlari belgilangan edi.
Lekin Yaqin Sharqda boshlangan urush bunga to‘sqinlik qilgandi.
Mana, oradan to‘rt oy o‘tib, ushbu jamoalar baribir to‘qnash kelishadi.
Yana qaerda deng, nufuzi Finalissimadan ancha yuqori bo‘lgan jahon chempionati finalida.
Kim jahon chempioni bo‘ladi - imkoniyatlar?
Abror Imomxo‘jaev: Shu paytgacha jahon chempionatida faqat Janubiy Amerika va Yevropa jamoalari g‘olib chiqishgan bo‘lsa-da, finalda ular umuman bir-biriga raqib bo‘lmagandi. Nihoyat bu ham amalga oshadigan bo‘ldi.
Endi bo‘lajak finaldagi imkoniyatlar borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Ispaniya ushbu turnirda oltita o‘yinni nol bilan yakunladi. Ya’ni, o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yubormadi. Bu futbol tarixida ilk bor sodir bo‘ldi.
Qo‘shimchasiga, bitta turnir davomida, ya’ni, yettita o‘yinda atigi bitta gol o‘tkazdi. Bu ham tarixda ilk bor yuz berdi.
Argentinaga to‘xtalsak, mundiallar tarixida hali hech kim bir turnir davomida 85-daqiqadan keyin raqiblar darvozasiga sakkizta gol urishni uddalamagan. Skaloni jamoasi esa buni amalga oshirdi.
Shu faktorlarning o‘zi ham finalda o‘ynash uchun aynan Ispaniya va Argentina loyiq ekanini ko‘rsatadi.
Bu finalni kuzatishning yana bir boshqa qiziq tomonlari ham bor.
Ispaniya Bosh murabbiyi Luis de la Fuenti va Argentina Bosh murabbiyi Lionel Skalonini nafaqat jahon chempionati finali, balki ustoz-shogirdlik rishtalari ham bog‘lab turadi.
Skaloni Ispaniyada UEFAning murabbiylik litsenziyasi – UEFA Pro Licence uchun tahsil olgan paytda Luis de la Fuenti unga dars bergan murabbiylardan biri edi.
Bugun esa ular dunyoning eng kuchli ikki milliy terma jamoasini boshqarmoqda. Va bir-birlarining yutuqlarini katta hurmat bilan e’tirof etishadi.
Albatta, ushbu finalning bosh intrigasi, chin ma’nodagi dramasi bir paytlar chaqaloq Lamin Yamalni vannada cho‘miltirgan buyuk Lionel Messi endi jahon chempionati finalida unga qarshi maydonga tushadi.
Bunday syujetni hatto eng zo‘r kinorejisserlar ham o‘ylab topolmasdi.
Bu stsenariyni hayotning o‘zi yozdi.
Tomosha qilishga arzigulik final, shunday emasmi?
Endi, imkoniyatlarga to‘xtalsak, buni taxmin qilish juda qiyin.
Bir tomondan, yarim finalda chempionatning eng kuchli jamoasi Frantsiyani ishonchli mag‘lub etgan Ispaniya finalda ham g‘oliblikka asosiy da’vogar hisoblanadi.
Boshqa tarafdan, Messi boshchiligidagi Argentina jamoasi boy berilayotgan o‘yinlarni o‘z tomoniga og‘dirib, g‘alaba qozonib ketganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. Balki ular eng yaxshi o‘yinlarni finalga olib qo‘yishgandir.
Final o‘yiniga qiziqish
Abror Imomxo‘jaev: O‘zbekistondagi kutilmalarga kelsak, milliy terma jamoamiz musobaqani tark etganidan keyin tomoshabinlar safi ancha kamaygani rost.
Lekin bu asosan futbolni muntazam ravishda ko‘rmaydigan, faqatgina Vatan jamoasi uchun muxlislik qilgan tomoshabinlar hisobiga ro‘y berdi.
Chorak finaldan boshlab, tomoshabinlar oqimi yana ortib bormoqda. Va finalda ularning soni yana maksimumga yetadi.
To‘g‘ri, avvalgidek muxlislar ko‘cha-kuydagi katta ekranlarga chorlanmayapti.
Lekin kafe va restoranlarda, choyxonalardagi ulfatlar davrasida finalni orziqib kutayotganlar juda ham ko‘p.
Finalda muxlislar ikkiga bo‘linishi aniq.
"Barselona" va "Real" muxlislari Ispaniyaga ishqibozlik qilishlari shubhasiz.
Shuningdek, ushbu jamoaning chiroyli o‘yinlari uchun muxlislik qiladiganlar ham anchagina.
Argentinada esa juda katta faktor – Messi timsoli bor.
Shu bois, finalda muxlislik barometri eng yuqori cho‘qqiga chiqadi, deb bemalol aytish mumkin.
Mezbon Nyu-Yorkda xavotir
Final uchrashuvi arafasida mezbon Nyu-Yorkdagi havo sifati jiddiy xavotirlarga sabab bo‘layotganiga oid xabarlar olinmoqda.
Aytilishicha, Nyu-York va Nyu-Jersi rasmiylari hatto bu xususda maxsus ogohlantirish bilan chiqishgan.
Ular odamlarni imkon qadar tashqariga chiqmaslik, iloji boricha uyda qolishga chaqirishgan.
Xabarlarga ko‘ra, Nyu-York mintaqasini tutun qoplashiga hammezbon Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari sabab bo‘lgan.
Hammezbon Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar va O‘zbeklar eng ko‘p davlatlari sirasiga kiradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruhdagi so‘nggi ikki uchrashuvini aynan Shtatlarda o‘tkazgan va ularning o‘yinlarini bevosita stadionning o‘zida tomosha qilish istagidagi o‘zbekistonliklarning ozmuncha emasliklari ham ko‘rilgandi.
Mezbon Nyu-York AQShning ular eng ko‘p shaharlari sirasiga kiradi.
Ispaniya va Argentina ishtirokidagi hal qiluvchi final uchrashuvini bevosita ko‘rish rejasidagi o‘zbekistonliklar soni aniq qancha ekani hozircha ma’lum emas.
Final uchrashuviga mezbonlik qilajak Nyu-York/Nyu-Jersi stadioni 82 mingdan ortiq odamga mo‘ljallangan.