Ukraina: O‘zbek migrantlarga Rossiya uchun josuslik taklif etilyaptimi?

Surat manbasi, EPA
"Biz sizni Ukrainaga muammosiz olib kiramiz, keyin siz video tashlab berasiz, 1 daqiqalik, 1,5 daqiqalik, Ukrainada qayerga bomba tushgan, qayerga raketa tushgan, qayerga Shahed tushgan... Videoni gapirib oling, bilinsinki siz olganingiz shu videoni, deb pul taklif qilishyapti Rossiya tarafdagi o‘zbeklar", - deydi ko‘p yillardan beri Kievda yashayotgan o‘zbekistonlik oshpaz Ubaydullo Tursunov.
Uning aytishicha, bu kabi takliflarga ba’zi o‘zbek muhojirlar rozi bo‘lib, Rossiyadan kelgani ishonilgan Telegram raqamlarga videolar tashlab berishgan. Har bir video uchun kamida 100 dollar va’da qilingan.
Telegram orqali bu kabi takliflardan biri "Kamilov" nomi ostidagi profildan kelgan.
Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri TikTok post
VVS qo‘liga kelib tushgan audioda "Kamilov" Ukrainadagi bir o‘zbek migrantga pul taklif qilayotganini eshitish mumkin. U avval yuborilgan videolarni misol qilib keltirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Mana, akajon, mana shunaqa video. Xohlang, gapirib tashlang videoni – ovozingiz chiqsin, xohlang - ovozingiz chiqmasin. Lekin, video eng kami 1 minut yo 2 minut bo‘lishi kerak-da. Trevoga bo‘lib qolayotgan vaqtlarda, yoki osmonda dronlar uchayotgani, dronlarni otayotgani bo‘ladi-ku – qizil o‘qlar uchib yuradi-ku, o‘shanaqa paytda olsangiz, men harakat qilamanki, sizga 100 dollar emas, 150 dollardan pul olib berishga, aka", - deydi "Kamilov" audio nomasida.

Surat manbasi, Telegram
Tursunovning aytishicha, bu taklifga oson pul ishlab olish ilinjidagi muhojirlar uchyapti, chunki oyiga 500-600 dollargacha ishlab topish mumkin.
"Kamilov" o‘zi bu videolarni "yangilikchi"larga berishini aytadi va o‘z suhbatdoshini qistaydi.
"Hozir bir joyda bo‘lsangiz, mana bugun tinchlik, hech narsa bo‘lmadi deb [video olib yuboring], lekin haqiqat bo‘lishi kerak. Ular "yangilikchi" bo‘lgani uchun, men videoni ularga tashlaganimdan keyin, ular tekshirib ko‘rishadi – bironta bir saytdan yuklab olmadingizmi, bironta guruhdan olmadingizmi, video toza videomi, fotoshop emasmi – shuni tekshirishadi va darrov pulini to‘laydi, aka. Aldab ketadigan odammas", - deydi u.
Ukrainada bo‘lib o‘tgan qator sud ishlariga ko‘ra, bu kabi takliflar ortida odatda Rossiya xavfsizlik kuchlari turadi. Tursunov ham shunday fikrda.
"Bu videolarni dushman tarafga sotadi ular, ichkaridan ma’lumot oldik, deb. Ularga koordinatalar kerak, masalan, qaerda baza bor, qaerda omborxona bor, shularni bilish uchun sotib olishadi. Bu yerdagilarga 100 dollar berib, u tarafdan kattaroq pulga qayta sotadi", - deydi Tursunov.
Bu videolarni dushman tarafga sotadi ular, ichkaridan ma’lumot oldik, deb. Ularga koordinatalar kerak, masalan, qaerda baza bor, qaerda omborxona bor.
Tursunov bu kabi oldi-berdilar haqida Ukraina rasmiylariga va O‘zbekistonning Kievdagi elchixonasiga xabar berganini aytadi.
VVS "Kamilov" bilan bog‘lanishga urindi, ammo uning Telegramdagi profili yashirib qo‘yilgan va muloqot qilishning imkoni bo‘lmadi.
Qonun nima deydi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ukrainada harbiy hujumlarni, portlashlarni va ularning oqibatlarini videoga olish hamda internetda tarqatish qat’iyan noqonuniy hisoblanadi. Bunday harakatlar uchun Ukraina Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlik belgilangan.
Quyidagilarni videoga olish va tarqatish man etiladi:
- Uchib kelayotgan raketalar va ularning tushish joylari
- Havo hujumidan mudofaa (HHM/PVO) tizimlarining ishlashi
- Ukraina Qurolli Kuchlarining joylashuvi va harakatlanishi
- Harbiy ob’ektlar va texnikalar
- Zarbalar natijasida kelib chiqqan vayrongarchiliklar, agar ularda aniq manzil (ko‘cha nomi, binoning o‘ziga xos xususiyatlari) ko‘rinib tursa
Ushbu qoidalarni buzish Ukraina Jinoyat kodeksining 114-2-moddasi (Harbiy holat sharoitida qurol-yarog‘ va harbiy tuzilmalarning harakati haqidagi axborotni ruxsatsiz tarqatish) bo‘yicha baholanadi. Aybdor deb topilgan shaxslar 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Bunday talablar mamlakat xavfsizligi va harbiylarning pozitsiyasini saqlab qolish maqsadida joriy etilgan.
Shuningdek, harbiy hujum yoki pozitsiyalarni videoga olib, dushman tomonga (Rossiya vakillariga, harbiy telegram-kanallariga yoki botlariga) yuborish Ukraina Jinoyat kodeksining 111-moddasi (Davlatga xiyonat) bo‘yicha baholanishi va juda og‘ir jazoga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar shaxs videoni dushman armiyasiga, Rossiya maxsus xizmatlariga yoki ular boshqaradigan anonim chat-botlarga ongli ravishda va Ukrainaga zarar yetkazish maqsadida yuborsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatga xiyonat hisoblanadi.
Bunday jinoyatda aybdor topilgan shaxs harbiy holat davrida 15 yildan umrbod ozodlikdan mahrum qilish va mol-mulkni musodara qilish jazosiga tortilishi mumkin.






























