Kimning onasi kim yoki Shimoliy Koreya prezidenti kelib chiqishini nega yashiradi?

Kim Chen In atrofida sirlar ko‘p. Shular orasida uning onasi haqidagi sir alohida ajralib turadi.
Hokimiyat tepasiga kelganiga 15 yil bo‘lganiga qaramay, u onasi ismini biror marta ham omma oldida tilga olmadi.
Kim diktaturasining qonuniyligi ko‘p jihatdan uning "Pektusan" nasabiga mansubligiga tayanadi. Bu nasab esa koreys xalqining afsonaviy asoschisi bilan bog‘lanadi.
Nasliy pokligi bilan faxrlanadigan bu mamlakatda Kimning onasi kim ekani shunchaki sir emas, balki rejimning o‘zi uchun ham tahdid hisoblanadi.

Surat manbasi, Cheong Seong-chang
Afsonaviy tavallud maskani
Keng tarqalgan e’tiqodga ko‘ra, Koreya o‘tmishi Xitoy va Shimoliy Koreya chegarasida joylashgan Pektusan tog‘idan boshlanadi. Afsonaga ko‘ra, Koreyaning birinchi qirolligi asoschisi bo‘lgan Dangun aynan shu yerda tug‘ilgan.
Ming yillar o‘tgach, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen yaponlarga qarshi kurash yillari shu tog‘dan boshpana sifatida foydalangani aytiladi. Uning o‘g‘li Kim Chen Ir ham aynan shu muqaddas tog‘ bag‘rida tug‘ilgani rasman ta’kidlangan, garchi ko‘plab ma’lumotlarga ko‘ra, u aslida Rossiyada tug‘ilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shundan beri Pektusan Kimlar sulolasi hokimiyatini qonuniylashtirish vositasiga aylantirildi.
"Kim Chen In tayinli yutuqlarga erishmagan bo‘lsa ham, yigirma yoshlarida voris etib tanlandi. Buning yagona sababi Pektusan nasabi edi", deb yozadi Shimoliy Koreyadan qochib chiqqan diplomat Ryu Xyon U o‘zining "Kim Chen Inning maxfiy temir sandig‘i" ("Kim Jong Un's Secret Vault") kitobida.
Biroq Kimning ona tomondan nasabi haqidagi reallik butunlay boshqa manzarani ko‘rsatadi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Pektusan tog‘idan yuzlab kilometr olisda Yaponiyaning Osaka shahri joylashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kimning onasi Ko Yon Hi shu shaharda tug‘ilgan.
Biograflar to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Ko 1952 yilda Osakada, asli hozirgi Janubiy Koreyaning janubiy sohili yaqinidagi Cheju orolidan bo‘lgan oilada dunyoga kelgan.
Yaponiyada yashagan Ko oilasi "Zaynichi koreyslari" deb atalgan jamoaga mansub edi. Ular 1910–1945 yillarda Koreya yarimoroli Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan davrda ko‘chib borgan muhojirlar edi.
Biroq Ko taxminan o‘n yoshga to‘lganida oilasi Shimoliy Koreyaga ko‘chib o‘tdi.
Ular 1959–1984 yillar oralig‘ida bepul tibbiy xizmat, ta’lim va ish bilan ta’minlash va’da qilingan ko‘chirish dasturi asosida Shimoliy Koreyaga ko‘chib kelgan taxminan 93 ming koreysdan biri edi.
Avvaliga Shimolga kelgan muhojirlarga havas bilan qarashardi, chunki ular kapitalistik Yaponiyadan pul, kiyim-kechak va maishiy texnika olib kelishgandi.
Biroq ularni "chjepo" deb haqorat ham qilishardi. Bu so‘z xorijning xavfli g‘oyalari bilan "ifloslangan" deb qaralgan guruhga nisbatan ishlatilardi.
Shimoliy Koreya jamiyati keskin ierarxik tuzilgan bo‘lib, ayrim tahlilchilar uni kasta tizimiga qiyoslaydi. "Sonbun" deb atalmish qat’iy ijtimoiy tasnifga ko‘ra, "chjepo"lar o‘zak va dushman sinflar o‘rtasidagi "arosat sinf"ga mansub hisoblanadi.
Ular davlatning qattiq nazorati ostida yashaydi va ko‘pincha yaxshi universitetlarga qabul qilinmaydi yoki durust ish o‘rinlaridan mahrum etiladi.
Bu holat Kimlar oilasi uzoq yillar targ‘ib qilib kelgan Pektusan haqidagi rivoyatga mutlaqo ziddir.
"[Rejim uchun] Pektusan nasabi muqaddas hisoblanadi, – deydi Shimol tadqiqotlari uyushmasidan Kim Xyon Su. – Shuning uchun mamlakat rahbari "chjepo"ning o‘g‘li bo‘lishi mumkinligi haqida xayol qilish ham mumkin emas."
Misoli bir "Zolushka"

Surat manbasi, Yoji Gomi
Shunga qaramay, Ko boshqa zaynichi koreyslari taqdiridan qutulib qoldi. U voris sifatida tayyorlab kelingan Kim Chen Ir e’tiboriga tushdi.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Chen Ir bu vaqtga kelib yuqori martabali harbiy amaldorning qizi Kim Yon Sukka uylangan edi. Bu nikohni uning otasi istagan. Shuningdek, uning yana ikki nafar o‘ynashi bo‘lgani ham ma’lum.
Shunga qaramay, Mansude san’at truppasi a’zosi bo‘lgan Ko o‘zining "tabiiy go‘zalligi va raqs mahorati" bilan Kimning e’tiborini qozongan, deydi 2025 yilda Ko haqida kitob nashr etgan yaponiyalik jurnalist Yoji Gomi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kim Koga qattiq oshiq bo‘lgan va ularning uch nafar farzandi tug‘ilgan.
Biroq nikohdan tashqari tug‘ilgan bolalar Shimoliy Koreyada qattiq tahqirlarga duchor bo‘ladi.
Shu sababli Kimning rasmiy rafiqasi poytaxt Pxenьyanda yashagan bo‘lsa, Ko va uning farzandlari sohil bo‘yidagi Vonsan shahrida, poytaxtdan 210 kilometr olisda yashirin hayot kechirishgan.
U oliy rahbarga hech qachon turmushga chiqmagan va ularning munosabati rejim tomonidan rasman tan olinmagan bo‘lsa-da, Gomining ta’biri bilan aytganda, Ko misoli "Zolushkadek hayot" kechirgan.

Surat manbasi, Cheong Seong-chang
Biroq Ryuning yozishicha, Ko "hech qachon Kim Ir Sen tomonidan kelin sifatida tan olinmagan". Shuningdek, u hech qachon uning farzandlari bilan birga omma oldida ko‘rinmagan.
Sejon instituti tadqiqotchisi doktor Chon Son Channing aytishicha, agar Kim Ir Sen Koni ma’qullaganida, uning nabiralari bilan tushgan suratlari butun mamlakat bo‘ylab keng tarqatilgan bo‘lardi.
Kim Ir Sen vafotidan keyin Kim Chen Ir Shimoliy Koreyaning oliy rahbariga aylandi. Ko esa mamlakatning amaldagi birinchi xonimi vazifasini bajara boshladi: u turmush o‘rtog‘iga harbiy inspektsiyalarda hamrohlik qildi, uning yaqin atrofidagilar bilan munosabat o‘rnatdi.
Kim hatto muhim siyosiy qarorlarni qabul qilishdan avval uning fikrini ham so‘rardi, deb yozadi Kimning sobiq oshpazi Fujimoto.
2011 yilda tayyorlangan rasmiy hujjatli filmda Ko Kimga mahalliy tashriflar vaqtida hamrohlik qilayotgani aks etgan. Biroq unda uning ismi ham, sonbun maqomi ham tilga olinmagan.
Film tarqalishi bilan odamlarning Ko Yon Higa bo‘lgan qiziqishi keskin oshdi. Shuning uchun rejim filmni ko‘rsatishni to‘xtatdi
Doktor Chonning aytishicha, bu film omma uchun emas, balki 2012 yil iyunida faqat yuqori lavozimli partiya amaldorlariga namoyish etilgan. Keyinchalik bu film xorijdan yashirincha olib kirilgan USB fleshkalar orqali aholi orasiga tarqalgan.
"Film tarqalishi bilan odamlarning Ko Yon Higa bo‘lgan qiziqishi keskin oshdi. Shuning uchun rejim filmni ko‘rsatishni to‘xtatdi", deydi doktor Chon.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ko haqidagi haqiqat rejimning qonuniyligiga shubha uyg‘otishi mumkin edi.
2004 yilda Ko Parijdagi shifoxonalardan birida ko‘krak saratonidan vafot etdi. Uning o‘limi haqida Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari hech qanday xabar bermadi.

Surat manbasi, Yoji Gomi
Nikohsiz tug‘ilish va vorislik
Biroq savol ochiqligicha qolmoqda: bu ayolning ikkinchi va Kim Chen Irning eng kichik o‘g‘li qanday qilib hokimiyat vorisiga aylandi?
Kimning rasmiy rafiqasi Kim Yon Suk ikki nafar farzand dunyoga keltirgan. Ammo ikkalasi ham qiz bo‘lgani uchun voris sifatida ko‘rib chiqilmagan.
Kim Chen Irning Kodan tashqari yana ikki o‘ynashi bo‘lgan: Son Xe Rim va Kim Ok.
Kim Ok farzand ko‘rmagan. Son Xe Rimdan tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘il – Kim Chen Nam bir muddat ehtimoliy voris sifatida qaralgan.
Biroq o‘n yildan ortiq vaqt chet elda tahsil olgan, ingliz va frantsuz tillarini mukammal bilgan Kim Chen Nam Shimoliy Koreyadagi merosiy hokimiyat tizimini tanqid qilgani va islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani sababli tez orada otasining nazaridan qolgan, deydi u bilan yillar davomida elektron maktublar almashgan Gomi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shuningdek, kazinolarga tez-tez borishi va xususiy uchoqlarda sayohat qilishni xush ko‘rgani tufayli u ko‘ngilxushlikka berilib ketgan shaxs sifatida ham nom chiqargan.
2017 yilda, Makaoda bir necha yil muhojirlikda yashaganidan so‘ng, Kim Chen Nam Malayziyada o‘ldirildi. U o‘ta kuchli asabni falajlovchi modda bilan zaharlangan edi.
Yana bir ehtimoliy voris – Kim Chen Inning akasi Kim Chen Chxol ham bor edi. Biroq sobiq diplomat Ryuning aytishicha, u giyohvandligi tufayli vorislar safidan chiqarilgan.
Shu tariqa, Ko o‘zining ikkinchi o‘g‘li Kim Chen Inni hokimiyat vorisi qilish uchun faol harakat qilgani aytiladi. Jurnalist Anna Fild o‘zining "Buyuk voris: Kim Chen Inning sirli yuksalishi va hukmronligi" ("The Great Successor: The Secret Rise and Rule of Kim Jong Un") kitobida yozishicha, bu qaror Koning opasi maslahati bilan qabul qilingan. Uning fikricha, agar o‘g‘li mamlakatning navbatdagi rahbari bo‘lmasa, butun oila xavf ostida qolishi mumkin edi.
Tahlilchilar fikricha, Kim Chen In qisqa vaqt ichida yetakchilik qobiliyati va raqobatga o‘chligi tufayli otasining eng sevimli o‘g‘liga aylangan. U ham Shveytsariyada qisqa muddat tahsil olgan bo‘lsa-da, o‘gay akasi Kim Chen Namga qaraganda ancha qattiq nazorat ostida bo‘lgani aytiladi.
Shu taxlit 2011 yilda Kim Chen Ir vafot etgach, o‘sha paytda 27 yoshda bo‘lgan Kim Chen In hokimiyat tepasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Shundan buyon Kim katta vakolatlarni o‘z singlisi Kim Yo Chjonga ishonib topshirdi. Janubiy Koreya Birlashish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u mamlakatning nufuzli targ‘ibot bo‘limiga rahbarlik qiladi.

Surat manbasi, Cheong Seong-chang
Biroq Kimning asl nasabi haqidagi savollar hali ham oliy rahbar ortidan ergashib kelmoqda.
Tahlilchilar fikricha, aynan shu sababli uning tug‘ilgan kuni, bobosi va otasinikidan farqli o‘laroq, milliy bayram deb e’lon qilinmagan. Chunki uning tug‘ilishiga e’tibor qaratilishi onasi haqida, shuningdek, nima uchun u Pxenьyandan tashqarida tarbiyalangani haqida noqulay savollarni tug‘dirishi mumkin.
Uning kelib chiqishi atrofidagi maxfiylik Kimning turmush o‘rtog‘i Li Sol Juni jamoatchilikka nisbatan erta tanishtirgani sabablaridan biri ham bo‘lishi mumkin.
Janubiy Koreya razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Li Kimning onasidan farqli o‘laroq, Pxenьyandagi o‘rtadan yuqori tabaqaga mansub oilada tug‘ilgan. Nufuzli san’at jamoasi xonandasi bo‘lgan Li yoshligida Xitoyda klassik vokal bo‘yicha tahsil olgan. Bu esa uning sonbun maqomi tuzuk bo‘lganidan dalolat beradi.
"Onasi tufayli Kim Chen In boshdan kechirgan nikohsiz tug‘ilganlik va ranjish hissi turmush o‘rtog‘i Li Sol Ju va qizi Chju Eni juda erta ommaga tanishtirishi uchun kuchli turtki bo‘ldi", deydi Gomi.
Gomining fikricha, bu kabi ommaviy chiqishlar Kimning "kamchilik"ni qoplash istagidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, agar Kimning onasi haqidagi haqiqat bir kun kelib ommaga ma’lum bo‘lsa, nima yuz beradi?
"Agar uning onasi Yaponiyada yashagan etnik koreyslardan biri bo‘lgani ma’lum bo‘lsa, bu nafaqat uning hokimiyatining qonuniyligiga putur yetkazadi, balki merosiy hokimiyat tizimi asoslarini ham izdan chiqaradi", deydi Ryu.
"Bu Shimoliy Koreya jamiyatiga atom bombasi portlashiga teng ta’sir ko‘rsatadi."




























