Urush davrida Rossiya iqtisodiyotiga bosim kuchaymoqda: rossiyaliklar pullarini yana "ko‘rpacha qatida" saqlay boshladimi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
- Author, Yevgeniy Pudovkin
- Author, Darya Mosolova
- Role, BBC Monitoring
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiyaliklar yana naqd pulga qaytmoqda. Mobil internetning o‘chirilishi karta orqali to‘lovlarni izdan chiqarayotgan, Ukraina bilan urush boshlanganidan to‘rt yildan oshgach moliyaviy bosim kuchayib borayotgan bir paytda, tobora ko‘proq korxonalar soliqdan qochishga urinmoqda.
BBC tahlil qilgan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri Rossiyada muomalaga 1,56 trillion rubl (20 milliard dollar) naqd pul qo‘shilgan. COVID-19 pandemiyasi davrini hisobga olmaganda, bu yilning shu davrida qayd etilgan eng katta o‘sishdir.
Bu keskin o‘sish Ukraina dronlari hujumlari manzarasida yuz bermoqda. Ushbu hujumlar ortidan Kreml mamlakatning katta hududlarida mobil internetni qayta-qayta o‘chirib qo‘ydi va natijada ko‘pchilik karta orqali to‘lov qila olmay qoldi. Hukumatning aytishicha, internetni o‘chirishdan maqsad dron hujumlarining oldini olishdir.
"Yoningizda naqd pul bo‘lishi sizga vaziyatni ma’lum darajada nazorat qilayotgandek va o‘zingizni xavfsiz his qilish imkonini beradi", dedi Moskvadagi bir ayol BBCga ismi oshkor etilmasligi sharti bilan. "Agar shaharda favqulodda holat yuz bersa, mobil tarmoq ishlamay qolgan taqdirda ham eng zarur narsalarni sotib ola bilishimni bilaman".
So‘nggi paytlar rossiyaliklar bank hisoblaridan naqd pulni ko‘proq yechib ola boshlagan. Urush boshlanganidan beri bunday holat bir necha bor kuzatilgan: odamlar noaniq vaziyatda ehtiyot shart qo‘lida naqd pul saqlashga harakat qiladi.
Muomaladagi naqd pul hajmi 2022 yil sentyabrda prezident Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng, shuningdek, 2023 yil iyunda "Vagner" yollanma jangchilar guruhining qisqa davom etgan isyoni paytida keskin oshgan.
Naqd pulga qaytish esa davlatning soliq undirishini qiyinlashtirmoqda. Ayni paytda byudjet taqchilligi tobora ortib borar ekan, Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun davlat yig‘ishi mumkin bo‘lgan har bir rublga muhtoj.
Davlat daromadlarining qariyb to‘rtdan bir qismi Rossiyaning neft-gaz sektori hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu soha Eron urushidan keyin neft narxilari ko‘tarilishidan foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, mamlakat iqtisodiyotida o‘sish sekinlashmoqda.
May oyida Rossiya Iqtisodiyot vazirligi 2026 yilda mamlakat iqtisodiyoti atigi 0,4 foizga o‘sishini ma’lum qildi. Agar prognoz to‘g‘ri chiqsa, bu 2022 yildan beri eng past o‘sish bo‘ladi.
Davlatga ko‘proq pul tushirish uchun Kreml yanvarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini 20 foizdan 22 foizga oshirdi. Bu soliqni to‘lashi kerak bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalar soni ham ko‘paydi. Natijada, avvaldan qiynalib kelayotgan ko‘plab korxonalar bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.
Soliqlar oshgani va iqtisodiyot sekinlashayotgani uchun korxonalarning foydasi kamaymoqda. Shu sabab dorixonalar, restoranlar, go‘zallik salonlari va kichik do‘konlar daromadining ko‘proq qismini rasmiy hisobotda ko‘rsatmaslik uchun mijozlardan naqd pul olishga urinmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Bozorimizdagi savdo rastalari birin-ketin yopilyapti, chunki ochib o‘tirish endi foyda keltirmay qo‘ydi", dedi Pskov shahridagi bozorda kichik kiyim-kechak do‘konini yuritadigan ayol.
"Savdo qilayotganlarning aksariyati xaridordan imkon qadar naqd pulda to‘lashni so‘rashadi. Shunda tushumning kamroq qismi kassa orqali o‘tadi".
Rossiyaning eng yirik banki "Sberbank"ning moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Taras Skvortsov o‘tgan oy ish haqini norasmiy ravishda, "konvertda" to‘laydigan korxonalar soni ko‘payib, vaziyat jiddiy tus olayotganidan ogohlantirdi.
"Bu juda tashvishli holat... Naqd pul inkassatsiya, bankomatlar yoki o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari orqali bank tizimiga qaytmayapti. Pul odamlarning qo‘lida qolyapti", dedi Skvortsov. Uning so‘zlarini "Interfaks" davlat axborot agentligi keltirdi.
Rossiyadagi kichik va o‘rta biznesning eng yirik uyushmasi "Opora Rossii" may oyida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning qariyb 6 foizi yangi soliq yukiga moslashish uchun "kulrang sxemalar"dan foydalana boshlagan. Jumladan, ayrimlari savdoni kassa chekisiz amalga oshirmoqda.
Naqd pulda to‘lov qilinsa, korxonalar savdo aylanmasini kam ko‘rsatib, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamasligi mumkin. Xodimlarga ish haqini naqd berib, bu bilan bog‘liq soliqlarni to‘lashdan ham qochish mumkin bo‘ladi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni kuchaytirish Kremlning ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS, tovar va xizmatlar narxiga qo‘shiladigan soliq) oshirilgan stavkasi kuchga kirishidan oldin Putin yangi qoidalar korxonalarni yashirin faoliyat yuritishga undamasligi kerakligini ta’kidlagan va "noqonuniy bandlikni keskin qisqartirish"ga chaqirgan edi.
"Hukumatning bir qismi yuqori soliqlar, jarimalar va boshqa to‘lovlar orqali odamlardan imkon qadar ko‘proq pul undirishga urinmoqda", dedi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazining shtatdan tashqari katta ilmiy xodimi Aleksandr Kolyandr BBCga.
"Ammo hukumatning boshqa qismi terror tahdidlari deb atalayotgan xavflarga qarshi kurashishga urinib, soliq yig‘ishni qiyinlashtirmoqda va shu tariqa o‘sha strategiyaga putur yetkazmoqda", dedi u. Bu bilan Kolyandr mobil internetning o‘chirilishini nazarda tutgan.
Bu juda tashvishli holat... Naqd pul inkassatsiya, bankomatlar yoki o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari orqali bank tizimiga qaytmayapti. Pul odamlar qo‘lida qolyapti...
Bank omonatlari o‘n va undan yuqori foizli daromad keltirayotganiga qaramay, sovet davridan qolgan pulni "ko‘rpacha qatida" saqlash odati yana qaytmoqda.
Urush tufayli kuchaygan va pasaymayotgan inflyatsiyani jilovlashga urinayotgan Markaziy bank omonat foizlarini yuqori darajada ushlab turibdi.
Ayni paytda Rossiyaning eng yirik banki "Sberbank"da bir yillik muddatli omonatga qo‘yilgan 100 ming rubl (1 280 dollar) yiliga 10 foiz daromad keltiradi.
Shunga qaramay, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar may oyida bank hisoblaridan 550 milliard rubl yechib olishgan. Shundan 200 milliard rubli muddatli omonatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Moskvada yashovchi matnnavis Antonning aytishicha, vinil plastinkalar do‘konidagi sotuvchi naqd pulda to‘lasa, unga chegirma berishni taklif qilgan. "U sababini yashirmadi. Soliqlar oshgani uchun ekanini aytdi", dedi Anton BBCga.
May oyi Rossiyada G‘alaba kuni tantanalari munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgach, mobil internetni o‘chirish holatlari ham ortgan. Antonning aytishicha, o‘sha paytda u Moskva markazidagi gul bozorida ishlatish uchun pul yechib olishga qiynalayotgan odamlarni ko‘rgan.
"Bir ayol ichida hali naqd pul bor bankomatni izlab, bir bankomatdan boshqasiga borib kelib yurgan edi".
































