Endi Bernam kim o‘zi? Nega Britaniyaning yangi bosh vaziri hamon ko‘pchilik uchun jumboq bo‘lib qolmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Rob Uotson
- Role, Britaniya siyosati bo‘yicha muxbir
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Odatda Britaniyada bosh vazirlikka nomzodlar obdan elakdan o‘tkaziladi. Endi Bernam esa bu elakka deyarli tushmay bosh vazir bo‘ldi.
Qudratdagi Leyboristlar partiyasi rahbarlik uchun saylov o‘tkazish o‘rniga Bernamni hech bir raqobatlarsiz rahbar etib tanladi. Shu bois uning siyosati va boshqaruv uslubi deyarli muhokama qilinmadi.
Buning ijobiy tomoni, partiya obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ichki bo‘linishlar kuzatilmadi. Yomon tomoni - yangi rahbar maydonda sinab ko‘rilmadi.
Albatta, Bernamning qanday bosh vazir bo‘lishi tez orada ayon bo‘ladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, u o‘n yildan beri merlik qilayotgan Katta Manchesterdan tashqarida ko‘pchilik uchun hali ham notanish qiyofa. Demak, uni yo‘l-yo‘lakay kashf etib borishga to‘g‘ri keladi.
Bernam haqida bilganlarimizga qaraganda, u bir vaqtning o‘zida ham siyosiy doiralarga begona, ham ularning o‘z odami. Bugungi aksar siyosatchilar kabi, u ham "tashqaridan kelgan" qiyofasini ko‘proq urg‘ulashni yoqtiradi.
Begona - chunki u Angliya shimolida ishchilar sinfiga mansub oilada ulg‘aygan. O‘z odami - chunki nufuzli Kembrij universitetida o‘qigach, siyosatga tez kirib kelgan va Toni Bler hamda Gordon Braunning Yangi leyboristlar hukumatlaridagi eng umidli yosh siyosatchilardan biri bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
Shaxsiyatiga kelsak, Bernam o‘zini oddiy odamlar yaqin his qila oladigan "oddiy yigit" sifatida ko‘rsatishga urinadi. U pivo va qovurilgan baliq-kartoshkani xush ko‘radi, futbol va musiqa haqida gapirishni yaxshi ko‘radi. Kiyinishi ham so‘nggi davrdagi aksar siyosatchilarnikidan ancha zamonaviy.
Siyosiy qarashlari esa, o‘zining aytishicha, o‘smirlik yillarida Margaret Tetcherning 1980 yillarda xususiylashtirish va erkinlashtirish siyosatini olib borgan konservativ hukumatlariga nisbatan paydo bo‘lgan nafrati ta’sirida shakllangan. Bernam bu hukumatlarni o‘zi ulg‘aygan Angliya shimolini sanoatni tanazzulga uchratib, odamlarning ruhini sindirganlikda ayblaydi.
U o‘shanda ham so‘l markazchi edi, hozir ham va buni yashirmaydi.
Yevropa so‘l qanotining aksar vakillari kabi, Bernam ham davlatni, umuman olganda, ijobiy kuch deb biladi va e’tiborini jamiyatning kamroq ta’minlangan qatlamlariga qaratadi.
U so‘nggi 40 yildagi "neoliberalizm"ni tez-tez tanqid qilib, bu tizim oddiy odamlarning umidini oqlamaganini aytadi. Ammo bu atama bilan aynan nimani nazarda tutishi unchalik aniq emas. Bernam hech qachon o‘ta mafkuraviy yoki siyosatning ikir-chikirlariga qattiq qiziqadigan siyosatchidek taassurot qoldirmagan.

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Bernam Britaniya tashqi va yo ichki siyosatini tubdan o‘zgartiradimi? Qisqa javob: hozircha bilmaymiz. Chunki u bu haqda juda kam gapirgan.
Ichki siyosatda esa uning imkoniyatlari qattiq cheklangan. Britaniyada iqtisodiy o‘sish past, davlat qarzi yuqori. Davlat xarajatlari va soliqlar darajasi allaqachon tarixdagi eng yuqori nuqtaga yetgan.
Leyboristlarning so‘l qanoti davlatning faolroq aralashishini juda istaydi, ammo bunga erishish oson bo‘lmaydi. Bernam hukumatining qo‘lini partiyaning so‘nggi saylovda bergan va’dalari ham bog‘lab turadi: aksar turdagi aksar soliqlarni oshirmaslik va qarz olishda jilovni qo‘yib yubormaslik.
Leyboristlarning so‘l qanoti davlatning faolroq aralashishini juda istaydi, ammo buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Bernam hukumatining qo‘lini partiyaning so‘nggi saylovda bergan va’dalari ham bog‘lab turadi: aksar soliqlarni oshirmaslik va qarz olishda jilovni qo‘yib yubormaslik.
Leyboristlar rahbari etib tanlanganidan beri Bernam ilgari surgan yagona katta g‘oya - vakolatlarni yanada ko‘proq hududlarga berish, ya’ni hokimiyat va mablag‘ni Londondan mintaqalarga o‘tkazish. Ammo bu g‘oya hamon juda mavhum.

Surat manbasi, EPA
Tashqi siyosatga kelsak, Bernam siyosiy faoliyati davomida bu haqda ko‘p gapirmagan. Bu yo‘nalishda o‘zgarishdan ko‘ra davomiylik ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
Tashqi siyosat partiyaviy qarashlar yoki rahbarning xohish-irodasidan ko‘ra geografiya, tarix, milliy manfaatlar va voqealar ta’sirida shakllanadi. Shu bois bunday davomiylik ajablanarli emas.

Kir Starmer kabi, Bernam ham Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq, ayni paytda haddan tashqari yaqin bo‘lmagan munosabatlarga intilishi aniq. U, shuningdek, Britaniya qonun ustuvorligi, xalqaro me’yorlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi ko‘p tomonlama tashkilotlarga katta ahamiyat berishini ta’kidlaydi.
Bernam Britaniyaning AQSh bilan alohida munosabatlarini ham saqlab qolishga intiladi. Ammo Prezident Donald Trampning shaxsan o‘zi bilan ham shunday munosabat o‘rnata oladimi-yo‘qmi, bu boshqa masala. Har holda, u bunga urinib ko‘radi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, Getty Images
Bernam Britaniyaning o‘n yil ichidagi yettinchi bosh vaziri bo‘lmoqda. Bosh vazirlar bu qadar tez almashganining o‘ziyoq uning oldida qanday tik dovon turganini ko‘rsatadi. Ammo Bernam uchun yaxshi xabar ham, yomon xabar ham bor.
Yomoni - undan oldingi olti bosh vazirni ham yiqitgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ko‘lami nihoyatda katta.
Yaxshisi esa - so‘l va o‘ng qanotdagi populist partiyalar, ya’ni Yashillar va "Reform"ga qiziqish pasaya boshlagan bo‘lishi mumkin.
Pirovardida, Bernam haqida hali ko‘p narsa noaniq. U ayrimlar xavotirlanayotganidek, yoqimtoy, ammo siyosiy vazni yengil rahbarmi? Yoki leyborist deputatlar ozmi-ko‘pmi umid qilayotganidek, jiddiy davlat arbobi bo‘lib yetishadimi?
































