Rossiyadan pul o‘tkazmalari kamaydi: migrantlar uchun nima o‘zgardi? Video

    • Author, Alibek Beyjanov
    • Role, BBC O‘zbek, Toshkent
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

2026 yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga pul yuborish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga pasaydi. O‘zbekiston Markaziy banki shu haqda axborot berar ekan, buni rubl kursining tushishi, patent qiymatining oshishi va mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining ortishi bilan izohladi.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrant Rustam (ismi o‘zgartirilgan) ham BBC bilan suhbatda so‘nggi paytlarda muhojirlar uchun xarajatlar ortganini aytdi.

"Patentlar, ijara narxlari qimmatladi. Xarajatlar ko‘paydi, masalan, oldin "propiska"ga qo‘yish uchun pul to‘lanmas edi, hozir buning uchun 500 rubl to‘lash kerak (muddatini har uzaytirganda ham shuncha). Oziq-ovqat narxi ham oshdi. Shu bilan birga, qiladigan ishimiz uchun to‘lanadigan pul ham biroz ko‘paydi. Kun ko‘rsa bo‘ladi", deydi Moskvadan 1300 km uzoqdagi Elista shahrida ishlayotgan o‘zbek migranti.

Yangi mehnat bozorlari

Rossiyadan yuboriladigan pul o‘tkazmalarining kamayishi o‘zbekistonliklar uchun migratsiya yo‘nalishlari kengayayotgani bilan ham izohlanadi. Rossiyada 2016 yilgacha o‘rtacha 4 milliondan ortiq, hatto 6 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilgani aytiladi. 2024 yilga kelib, O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov "Sevimli" telekanali jurnalistiga bergan intervyusida aytishicha, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni 1 million nafarni tashkil etgan.

Aynan shu yili Rossiya IIV Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova Rossiyaga 6,3 millionga yaqin migrant borgan bo‘lib, ularning 23,3 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil qilishini (bu qariyb 1,5 millionga teng) aytgandi.

O‘zbekiston migratsiyani diversifikatsiya qilish siyosatini olib bormoqda, ya’ni mehnat migrantlarini Rossiyadan boshqa rivojlangan davlatlarga (Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqalar) yo‘naltirishga, ixtisoslashuvni o‘zgartirishga hamda iqtisodiy xavflarni kamaytirishga harakat qilmoqda.

O‘zbekistonda ushbu siyosatni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari mas’uldir. So‘nggi oylarda Migratsiya agentligi atrofida o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish bilan bog‘liq korruptsion sxema aniqlandi va tashkilot rahbariyatining bunga aloqador ekani haqidagi ma’lumotlar keng muhokama qilinmoqda.

Yaqinda esa Belarusga borgan migrantlar masalasi ham e’tiborga tushdi. Ular oylik kam ekanini aytib ijtimoiy tarmoqda chiqish qilgach, ko‘pchilik mazkur loyihaga bosh-qosh bo‘lgan Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonovni tanqid qila boshladi.

Yuqorida so‘z yuritilgan ikkala keys ham sohada muammolar hali ko‘pligini anglatadi, ammo ushbu muammolar jamoatchilik tomonidan tan olinib, muhokama qilina boshlagnining o‘zi ham e’tiborga molik.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga yuborilgan pulning eng ko‘pi hamon Rossiyadan kelgan (72,4 foiz), ammo pul o‘tkazmalarining umumiy hajmida Qozog‘iston (4,1 foiz) Yevropa davlatlari (3,3 foiz) va Janubiy Koreya (4,1 foiz) ulushi biroz ko‘paygan. Ushbu davrda O‘zbekistonga yuborilgan pulning umumiy miqdori 3,8 mlrd dollarni tashkil etishi hisobga olinsa, Rossiya hissasiga taxminan 2,75 mlrd dollar, qolgan mamlakatlar hissasiga esa qariyb 1,05 mlrd dollar to‘g‘ri keladi.

Birinchi chorakda xorijga 1,63 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi chiqib ketgan, shu davrda Rossiyada patent asosida 1,34 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilgan. Turkiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun berilgan rasmiy ruxsatnomalar soni deyarli 70 mingtaga yetgan bo‘lsa, Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni 99,6 ming kishini tashkil qilgan.

Ko‘rinadiki, migratsiya yo‘nalishlarini dversifikatsiya qilgan faqat O‘zbekiston emas. Rossiya ham o‘zidagi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni markaziy osiyoliklardan ham arzonga ishlashi mumkin deb ko‘rilayotgan shimoliy koreyalik, xitoylik, hindistonlik, bangladeshlik va afrikalik migrantlar bilan qoplashga urinmoqda.

Rossiyadagi aksilmigrant kayfiyat

Nega endi ko‘pchilik o‘zbekistonliklar o‘rganib qolgan Rossiya mehnat bozoridan boshqa bozorlar topishga ehtiyoj paydo bo‘lgani ham alohida mavzu. Mamlakatda yillardirki aksilmigrant kayfiyat kuchayib borayotgani aytiladi, buni ayrim siyosatchilarning ommaviy chiqishlaridan ham sezish mumkin.

Masalan, Rossiya davlat Dumasi deputatlari 8 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishchi migrantlar uchun qo‘shimcha talablar kiritishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, voyaga yetgan migrant farzandlari patent olishi yoki mamlakatdan chiqib ketishi kerak bo‘ladi. O‘zgartirishlar vakolatli organlar migrantlarning daromad darajasini kuzatib borishini, migrantlar esa o‘zlarini va Rossiyada yashayotgan oila a’zolarini ta’minlay olishi shart bo‘lishini ham o‘z ichiga oladi. Ularning daromadi o‘sha viloyat (hudud) uchun belgilangan eng kam yashash qiymatidan kam bo‘lmasligi kerak. Agar bu qoida buzilsa, xorijliklarning patenti yoki ishlash uchun ruxsatnomasi uzaytirilmaydi. Oqibatda ular qarindoshlari bilan birga Rossiyani tark etishiga to‘g‘ri keladi.

Yangi o‘zgartirishga ko‘ra, migrantlarning bolalari Rossiyada faqat ota-onasining ishlash ruxsatnomasi amal qilish muddati davomidagina qola oladi. Buning uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i oldindan to‘lab qo‘yilishi kerak. Migrantlarning farzandlari 18 yoshga to‘lganidan keyin mamlakatdan chiqib ketishi yoki patent olish uchun ariza topshirishi shart bo‘ladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida esa Rossiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va davlat kotibi Igor Zubov Rossiyaga borayotgan migrantlar mobil telefon sotib olishga majbur bo‘lishini aytdi.

"Bu yerga keladigan har bir muhojir, ayniqsa, ishlash uchun yoki uzoq muddatga kelayotganlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida telefon sotib olishi shart bo‘ladi. Telefonda ularning elektron profili joylashadi. Biz har bir muhojirning qaerda ekanini bilib turamiz. Ular bir aholi punktidan boshqasiga nazoratsiz ko‘cha olmaydi yoki yashash joyini o‘zgartira olmaydi. Bu tizimning asosi bo‘ladi", dedi u.

Qayd etish joiz, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Moskva viloyatida "Amina" mobil ilovasi sinovdan o‘tkazila boshlandi. Rossiyaga vizasiz kelgan voyaga yetgan barcha muhojirlar uchun undan foydalanish majburiydir.

Shuningdek, Rossiya Ukrainga bostirib kirganidan so‘ng migrantlarni Qurolli kuchlarga jalb qilish holatlari kuchayib bormoqda. O‘z xohishi bilan yoki bilmagan holda urushga jalb qilingan migrantlar orasidan o‘zbekistonliklar ham talaygina.

O‘zbekistonda ushbu shaxslarning bir qanchasiga sud hukmi bilan jazo tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirgani uchun javobgarlik belgilangan. Biroq ayrim hollarda ba’zi migrantlar aldov qurboni bo‘lib qolmoqdalar.

"Kichik xato uchun ham deportatsiya qilishyapti. Ikkita jarima bo‘lsa ham deportatsiya qilib yuborishadi. kuchli tekshirishlar bo‘lyapti – hujjatingda kamchilik bo‘lsa, ketding", deydi Rustam.

Uning aytishicha, hujjatlar uchun qilinadigan xarajatlar yildan-yilga ortib bormoqda.

"Birinchi patent olinadi, undan keyin shartnoma tuzish kerak. Ikki oy ichida shartnoma tuzilmasa, patent "kuyib" ketadi. Shartnoma tuzilganidan keyin, yil oxirida patentdan tashqari soliq ham to‘lash kerak bo‘ladi. Soliq to‘lanmasa, keyingi yil qaytib kelganda yo jarimaga tortishadi, yo deportatsiya qilishadi", deydi o‘zbek migrant.

Rustam oldinlari majburiy shartnoma, propiska uchun va patentga hujjat topshirish uchun to‘lov bo‘lmaganini, bu to‘lovlar yangidan joriy etilganini aytadi.

"Patentga hujjat topshirish uchun 10 ming rubldan ortiq pul to‘lanadi. Oldin bunday to‘lov yo‘q edi. Ya’ni hujjat topshirganda pul to‘lanmasdi, patent chiqqanidan so‘ng to‘lov qilinardi. Endi esa patentga topshirish uchun 10 ming rubldan ortiq pul to‘lanadi, patent chiqqanidan so‘ng oyma-oy 6 ming rubldan to‘lash kerak. Bu yerda patent chun tolov biroz arzonroq. Markazroqda bu to‘lov 8-10 ming rublni tashkil etadi", deydi u.

O‘tgan oyda (26 iyun kuni) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin imzolagan qonun bilan ilgari undirilmagan yangi davlat bojlari joriy etildi. Masalan, endi yashash guvohnomasini almashtirish uchun 6 ming rubl, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasining dublikatini berish uchun esa 5 ming rubl miqdorida boj to‘lanadi. Bir necha marotaba chegarani kesib o‘tish vizasini rasmiylashtirish boji 1 920 rubldan 6 ming rublgacha, Rossiyaga kirish taklifnomasini rasmiylashtirish boji 960 rubldan 8 ming rublgacha, yashash guvohnomasini olish boji esa 6 ming rubldan 30 ming rublgacha oshiriladi.